Sport bilan shug`ullanishga sharoit yo`q, deya uyda o`tiravermang. Tezda qulay poyabzalingizni kiyib, sayrga chiqing. Oddiygina sayr qancha foyda keltirishini tasavvur ham qila olmaysiz.
1. Alsgeymer kasalligining oldini oladi.
Bu xavfli kasallikning sabablaridan biri kamharakatlikdir. Shuning uchun ko`proq yayov yurishga odatlaning. Miyada qon aylanishi yaxshilanib, kislorodga to`yinadi.
2. Mushaklarni tonusda ushlab turadi.
Yurish katta kuch talab etadigan mashq emas, ammo mushaklarga me`yorida og`irlik tushiradi. Shunday paytlar bo`ladiki, ma`lum muddat sport bilan shug`ullanish imkoniyati bo`lmaydi. O`shanda vaznni saqlab turish uchun ko`proq yuring.
3. Yurak qon-tomir faoliyatini yaxshilaydi.
Yayov sayr qilish aerobik mashqlar turiga kiradi. Sekin bo`lsa ham uzoq masofaga yayov yurish arterial bosimini me`yorlashtirib, yurak faoliyatiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi.
4. Ovqat hazm qilish faoliyatini yaxshilaydi.
Piyoda yurish ovqat hazm qilish tizimiga ham foydali. Ovqat tezroq hazm bo`lishiga yordam beradi, axir bekorga ko`p ovqat eb qo`yganda piyoda yurishni maslahat deyishmaydi-ku.
5. Kayfiyatni ko`taradi.
Agar yomon kayfiyatdan, stresslardan, xavotirdan xalos bo`lmoqchi bo`lsangiz, ko`proq toza havoda sayr qiling.
6. Glaukomaning oldini oladi.
Shifokorlarning fikricha, me`yordagi jismoniy kuch ketgazadigan mashqlar, masalan yayov yurish glaukoma rivojlanishining oldini oladi.
7. Vaznni normal holatda ushlab turadi.
Semirib ketmaslik uchun eng yaxshi usul!
8. Suyak va to`qimalarni mustahkamlaydi.
Uzoq sayrlar nafaqat mushaklarni, balki suyak va to`qimalarni ham mustahkamlaydi. Shuningdek, artritning profilaktikasi uchun ham yurish tavsiya etiladi.
9. Qandli diabet kasalligida yordam beradi.
Shifokorlar qandli diabetga chalingan bemorlarga jismoniy mashqlardan ko`ra piyoda yurish tavsiya qiladilar.
10. O`pka faoliyatini yaxshilaydi.
Yayov yurish nafas olish tizimiga, o`pkaga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Shunday ekan, mayda qadamlar bilan, engil nafas olib, sog`lik sari olg`a qadam tashlang!