Xitoy poytaxti Pekinda 1 oktyabrdan Xalqaro turizm festivali ochildi. O`n sakkizinchi bor tashkil etilgan festivalda O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bu haqda xonanda Botir Qodirovning prodyuseri Abror Po`latov “Daryo”ga ma`lum qildi.
O`zbekiston delegasiyasi tarkibidan xonanda Botir Qodirov, «Sirdaryo navolari» raqs dastasi va taniqli raqqosa Parizodadan iborat ansambl ham o`rin olgan.
«Pekin xalqaro festivalida 24 mamlakatdan 200 dan ziyod san`atkorlar qatnashmoqda. O`rta Osiyodan faqat O`zbekiston san`atkorlari taklif etilgan», — deydi Botir Qodirovning prodyuseri.
Festivalning ochilish marosimi Pekindagi Xalqaro olimpiya maydonida bo`lib o`tgan. Unda shahar rasmiylari, mehmonlar, shuningdek, O`zbekistonning Xitoydagi elchixonasi xodimlari ham qatnashgan.
«Botir Qodirov boshchiligidagi ijodiy guruh Xitoy san`atkorlaridan keyin birinchi bo`lib sahnaga chiqdi. Ochilish marosimi musiqiy paradga ulanib ketdi. Festival mehmonlari milliy san`atimizdan bahramand bo`lib, san`atkorlarimizni olqishlamoqda», — deya qo`shimcha qildi Abror Po`latov.