Qashqadaryoda 15 ta gaz taqsimlash punkti va stansiyasida suyultirilgan gazni qabul qilish va etkazishda talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2023 yilning o`tgan davri mobaynida Qashqadaryo viloyatida joylashgan 15 ta gaz taqsimlash punkti va stansiyasida o`tkazilgan o`rganishlar davomida suyultirilgan gazni qabul qilish va etkazishda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi 646-son qarori talablariga rioya etilmaganligi ma`lum bo`ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, yuqorida qayd etib o`tilgan holatlar natijasida jami 22,9 mlrd so`mlik (4 794 tonna) suyultirilgan gaz asoslantiruvchi hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda talon-toroj qilingani aniqlandi.
“Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo`shimcha ravishda tekshirish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.






