AsosiyJamiyat

O`lim tahdidi tufayli O`zbekistonni tark etgan jurnalist ishi bo`yicha AOKA rasmiy munosabat berdi

'O`lim tahdidi tufayli O`zbekistonni tark etgan jurnalist ishi bo`yicha AOKA rasmiy munosabat berdi'ning rasmi

Mustaqil faoliyat ko`rsatuvchi Nemolchi.uz loyihasining asoschisi, jamoatchilik faoli, jurnalist Irina Matvienko ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida unga o`lim bilan tahdid qilingani tufayli O`zbekistonni tark etgani haqida xabar bergan edik.

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi holat bo`yicha rasmiy munosabat bilan chiqdi.

”Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi qonunning 10-moddasida, jurnalist o`z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta`minlashi lozimligi, shuningdek, ushbu qonunning 14-moddasida jurnalistning qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog`lig`i va mol-mulkiga tahdid, zo`ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo`lishi belgilangan. Bu kabi himoyaviy kafolatlar ”Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi qonunning 5-moddasida ham o`z ifodasini topgan.

“AOKA bu kabi holatlarni so`z va axborot erkinligini ta`minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko`rsatishi borasidagi yangicha ochiqlik siyosatiga zid xatti-harakatlar sifatida keskin qoralaydi. Shunga ko`ra, AOKA voqelikni o`rganish hamda vaziyatga huquqiy baho berish uchun  Bosh prokuraturaga ushbu masalani nazoratga olishni so`rab rasmiy xat orqali murojaat qildi”, deyiladi agentlik munosabatida.

Ayni paytda I.Matvienkoning shaxsiy sahifasida e`lon qilingan xabar huquqni muhofaza qilish organlari va mutasaddi idoralar tomonidan o`rganilmoqda.

Agentlik olib borilayotgan o`rganish natijalarini diqqat bilan kuzatib boradi hamda jurnalist hayoti xavfsizligi ta`minlanishiga, shuningdek,  qonunchilikka zid ravishda tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko`rilishiga ishonishini ma`lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar