Surxondaryoda IIB xodimi tibbiy davolash muassasasida bemorga jismoniy kuch ishlatgani aks etgan video tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Holat Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov tomonidan o`rganildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabar berdi.
Tasvirda qo`li bog`langan erkak boshqa bir ayol shikoyati bilan IIB navbatchilik qismi xodimi tomonidan Muzrabot tumandagi tibbiyot markazida tashkil etilgan alkogol mastlik holatidagi shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish tumanlararo punktiga olib kelingan.
Videotasvirga ko`ra, ichki ishlar organlari xodimlari xizmat kiyimidagi shaxs deraza oynalari panjara bilan to`silgan xonada qo`llari bog`liq holda yotgan shaxsga jismoniy kuch ishlatgan.
O`zaro janjal paytida qo`pol muomalada bo`lgan fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish so`nggi chora sifatida, tegishli normativ-hujjatlarga muvofiq qo`llanilishi zarur.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasi 1-qismiga ko`ra, insonning sha`ni va qadr-qimmati daxlsiz ekani va hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo`lishi mumkin emasligi aniq belgilab qo`yilgan.
Mazkur holat bo`yicha Ombudsman tomonidan ichki ishlar organi xodimi tomonidan sodir etilgan har bir qonunbuzilish holatlari yuzasidan qat`iy ta`sir choralari qo`llanilishini so`rab Bosh prokuraturaga murojaat qilindi.






