AsosiyJamiyat

O`zbekiston xalq shoiri Oydin Hojieva 81 yoshida vafot etdi

'O`zbekiston xalq shoiri Oydin Hojieva 81 yoshida vafot etdi'ning rasmi

O`zbekiston xalq shoiri Oydin Hojieva 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

 Oydin Hojieva 1942 yili Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani Bo`ston qishlog`ida tug`ilgan. 1960 yili o`rta maktabni, 1966 yili Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan.

1965-1976 yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo`lim mudiri, 1976-1985 yillar “Saodat” jurnalida bo`lim mudiri, 1985-1995 yillarda “Gulxan”, 1995 yildan esa “Saodat” jurnali muharriri lavozimida ishlagan. U 20 dan ortiq she`riy to`plamlarning muallifidir.

 Oydin Hojievaning deyarli barcha to`plamlarida pokiza va mehribon, kechirimli va sadoqatli ona tuyg`ulari, vafodor yor, didli, farosatli va nozikta`b shoira qalbi jo`sh urib turadi. Ayni chog`da dunyo voqealariga hamdardlik, insonlar mushkulini engillatish uchun kurash, o`z ona xalqi, ona tuprog`i, madaniy merosiga mehr tuyg`usi balqib turadi.

Oydin Hojieva ijodi garchi 60-yillarning ikkinchi yarmidan boshlangan bo`lsa-da, uning birinchi she`riy to`plami 1970 yilda “Shabnam” nomi bilan chop etilgan. So`ngra uning 1972 yilda “Men sevgan qo`shiq”, “Zar kokil qiz va quyosh”, 1975 yilda “Manzillar”, 1977 yilda “Navo”, 1978 yilda “Tarovat”, 1979 yilda “Buvisining o`z qizi”, 1980 yilda “Dostonlar”, “Tamal toshi”, 1989 yilda “Saylanma”,  1991 yilda “Najot”, “Olisdan kelgan ovoz” kabi ko`plab she`riy guldastalari dunyo yuzini ko`rgan. Ular orasida 1987 yilda “Chashmalarni izlayman” kabi publisistik asarlar majmuasi, bolalar uchun yozilgan ajoyib she`rlari ham bor.

 Shoiraning 1996 yilda ”Ko`zimning oqu qarosi” nomli she`riy guldastasi istiqlol ruhi, istiqlol orzusi bilan limmo-limdir. U mohir shoiragina emas, publisist va tarjimon hamdir.

U tarjimon sifatida Shandor Petefi, A.Mskevich, Ovanes Tumanyan, Fayz Ahmad Fayz, Edi Ognesvet, Rimma Kazakova, Fariza Ungarsinova, Oyjamol Omarova, Gulruxsor, Ibroyim Yusupov, Maryamxon Abulqosimova, va boshqa ko`plab jahon va qardoshlar adabiyoti vakillarining doston, ballada va turkum she`rlarini o`zbekchaga o`girgan. She`rlari rus, ukrain, qozoq, qirg`iz, tojik, belorus, fransuz, ingliz va urdu tillarida nashr etilgan.

Oydin Hojievaning o`zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U 1992 yilda “O`zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, 1975 yilda Yoshlar Ittifoqi mukofoti sovrindori, 1999 yilda O`zbekiston xalq ta`limi a`lochisi, ”El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan.

    Boshqa yangiliklar