AsosiyJinoyat

Xorazmda 61 yoshli erkak 3-sinf o`quvchilariga behayo xatti-harakatlar qilgani aytildi

'Xorazmda 61 yoshli erkak 3-sinf o`quvchilariga behayo xatti-harakatlar qilgani aytildi'ning rasmi

Xorazm viloyati Xonqa tumanida dars payti 3-sinf qizlariga behayo xatti-harakatlar qilgan 61 yoshli o`qituvchi 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda “Nemolchi.uz” loyihasi xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 4 may kuni Xonqa tumanidagi maktablardan birida rus tili o`qituvchisi bo`lgan 1962 yilda tug`ilgan erkak B.R. dars payti 3-sinfda o`qiydigan ikki nafar qizning orqasi, elkalari, qo`llari, qornini ushlab, yubkasini ostiga qo`lini tiqib silagan.

Qizlar bu haqda ota-onalariga aytgan, ular o`z navbatida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. O`qituvchiga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan ish ochilgan. 25 may kuni ayblanuvchiga nisbatan 5 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.

“Nemolchi.uz” loyihasining qayd etishicha, o`qituvchining qilmishi noto`g`ri malakalangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilishi kerak edi. Sudlanuvchi qizlarga nisbatan uyatsiz harakatlar qilganini tan olmagan va aksincha, ular yaxshi o`qigani uchun elkalariga qoqib qo`yganini aytgan. Lekin to`plangan ma`lumotlar qizlarning gapini tasdiqladi.

“Ya`ni tergov va sud pedagog kichik yoshdagi qizlarning intim a`zolarini ushlaganini bildi va buni og`irlashtiruvchi holat deb topmadimi?  Bunday jinoyatlar Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to`lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismi “b”, “v” va “j” bandlari bilan kvalifikasiya qilinishi lozim.

Buning uchun jazo esa 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki o`qituvchilik faoliyati bilan shug`ullanishni taqiqlagan holda 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishi kerak. Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41-1-moddasi bo`yicha maksimal jazo 10 sutka ma`muriy qamoq jazosini nazarda tutadi va u bolalar bilan ishlashda davom etishi mumkin”, — deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar