Ma`lumki, bundan salkam 1500 yillik tarixga ega bo`lgan O`rxun obidalari turkiy xalqlar madaniyatining rivojida, xususan uning siyosiy poydevori yaratilishida mislsiz ahamiyat kasb etadi. Daniyalik harbiy olim Vilgelm Tomsen tomonidan XIX asrning 90-yillarida hozirgi Mo`g`uliston hududidan topilgan bu obidalar barcha turkiy xalqlar uchun mushtarak yodgorlik bo`lib, eski turk tilida, 680–745 yillar orasida runiy yozuvida bitilgan. Ushbu matnlarning bugungi 30 dan ortiq turkiy tillar orasida aynan zamonavyi o`zbek tiliga ko`proq yaqin kelishini qator turkolog olimlar ham e`tirof etishadi.
Bizga etib kelgan turkiy tildagi ilk hujjat bo`lgan bu obidalar taxminan 200 yil (552–745 yillar) davomi mavjud bo`lgan Ko`kturk imperiyasining madaniyati, hayot tarzi, ichki va tashqi siyosati haqida aniq tasavvurlar beradi.
Ikki ko`kturk aka-uka – Bumin va Istemi Hoqonlarning 552 yilda yaratgan Ko`kturk imperiyasi Xitoy va Vizantiya orasidagi ulkan jo`g`rofiy makonda ega bo`lgan qudratli turkiy davlat edi. Ammo tarixiy manbalarga ko`ra, 630–680 yillarda turk hoqonligida yuzaga kelgan ichki inqiroz ushbu davlatni Xitoy davlati asorati ostiga tushirib qo`ygan
Urhun obidalaridan biri - “Kul Tegin” bitiktoshi uning uning sharafiga 732 yilda tiklagan. Granit marmardan yo`nilgan obidaning uch tarafida turk tilida, faqat bir tarafida xitoy tilida ham matn yozilgani ham bu paytda ajdodlarimiz Xitoy ta`siri ostida bo`lganini yaqqol ko`rsatadi.
Mazkur bitiktoshda turklar ulkan harbiy yurishlar chog`ida xitoyliklarning makkorona siyosati sababli mag`lubiyatga uchragani aks etgan.
Ushbu obidada o`qiymiz: “Yurt bo`ladigan, davlat quradigan joy O`tukan ekan. Bu erda o`tirib (hokimiyatni boshqarib), Chin bilan kelishdim. Chin millati oltinini, kumushini, ipagini beminnat beradi. Uning so`zi totli, ipagi matosi yumshoq bo`ladi. Totli so`z, yumshoq ipagi bilan o`zidan yiroq elni o`ziga yaqinlashtiradi. Yaqinlashib el qilganidan keyin yomon ishlarni o`ylay boshlaydi. Bilimli odamga, jasur insonga ishlari o`tmaydi. Ammo biror kishi adashsa, ularga yopishib, o`z elidan uzoq tushadi. Turk eli, sen ham chinliklarning totli so`ziga, yumshoq ipagiga aldanding...”
Matnning davomida turklarning chinliklar hiylasiga aldanib, hokimiyatni qo`ldan boy berganlari aytiladi. Turk o`z xalqining holiga boqib faryod chekadi: “Eli (davlati) bo`lgan millat edim, millatim qani? Hoqoni bo`lgan xalq edim, hoqonim qani?”
“Kultigin” obidasining g`arbiy qismidagi xitoy tilida yozilgan qismini Tan imperatori Xuan Szongning jiyani, lashkarboshi Chang Sengyun yozgan. Matn qo`shni mamlakatning yuksak diplomatik darajada ifodalangan do`stlik munosabatlarining ifodasidir. E`tiborlisi shundaki, turk va xitoy tilidagi matnlar ma`no jihatidan bir-biriga to`g`ri kelmaydi. Turk tilidagi matndan farqli o`laroq, xitoy tilidagi matn samimiy qo`shnichilik aloqalari, do`stlik va hamkorlik haqida bitilgan.
Albatta, Bilga Hoqon xitoy matnning ma`nosidan to`la xabardor bo`lgan. Chunki bu obida uning tashabbusi bilan yaratilgan. Lekin aftidan, u ikki tildagi matnni atayin ikki xil nuqtai nazardan yozdirgan. U o`z vatandoshlarini hamisha ogoh bo`lishga, qo`shni davlatlar hatto barqaror munosabatlar davrida ham baribir o`zining yashirin siyosatini olib borishidan voqif etishga uringan. Bu haqiqatni keyingi tarixiy jarayonlar ham qayta-qayta isbotladi.
...Mana oradan salkam 1500 yil vaqt o`tdi. Chin mulki hamon o`z kuch-qudrati, salohiyati, iqtidorini saqlab kelayotir. Bugun biz bu qudratli davlat bilan yaqin, do`stona aloqalarni davom ettirarkanmiz, bobolarimizning asrlar oldin bitib ketgan nasihatlariga amal qilishimiz qanchalik zarurligini vaziyatning o`zi ko`rsatmoqda.