Arminiy Vamberi Chig`atoy/eski o`zbek adabiy tiliga birinchi bo`lib qiziqish bildirgan venger olimi edi. U O`rta Osiyo turkiy tillari va venger tili genetik jihatdan bog`liq ekanligi haqidagi g`oyani ilgari surdi.
Turk tilini o`rganish uchun u 1857 yildan 1861 yilgacha Istanbuldagi kutubxonalarda chig`atoy tilidagi qo`lyozmalarni o`rganadi. Hozirgi O`zbekiston hududiga sayohati uning chig`atoy tilini o`rganishga bo`lgan qiziqishini yanada oshirdi.
1867 yilda Vamberi Evropada ilk chig`atoy tili darsligini chop ettiradi. Bu til Vamberi tomonidan avvalo mumtoz adabiy matnlar tili shuningdek, uchta o`zbek xonligi: Xiva, Buxoro va Qo`qon aholisi so`zlashuv shevasi sifatida tadqiq qilingan.
Ilm-fan yo`lida tavakkal qilib, o`zbek xonliklari hududiga darvish qiyofasida kirib kelgan olimni tarixchilar kim josus desa, kim til fidoyisi deya ta`riflaydi. Har qanday holatda ham venger olimi chig`atoy tili Evropada keng ommalashishiga hissa qo`shgan.