1

Misdan tilla “yasagan” qallob

Mutolaa 08.06.2023, 21:51
Misdan tilla “yasagan” qallob

Qadimda ma`danlarni oltinga aylantirish ilmini “kimyo” deb atashgan. G`arbda ham, Sharqda ham ana shunday xomxayollar bilan umrini o`tkazgan “kimyogarlar” ko`p bo`lgan. Bu haqda bir rivoyat bor.

Vafotidan bir necha yil avval Husayn Boyqaro bod kasaliga chalinib, yurolmay qoladi. O`sha paytlarda Hirotda nishopurlik bir tabib va kimyogar haqida mish-mishlar tarqaladi. U turli kasallarni davolash bilan birga misni oltinga aylantira olishi bilan ham el orasida shuhrat topgandi. U haqidagi gap-so`zlar podshoning ham qulog`iga etadi va tabibni saroyga chorlashni buyuradi. Uning kelishi arafasida bozorlarda misning narxi bir necha baravar oshgandi.

Podshoning maqsadi o`z saroyida oltin “ishlab chiqarish”ni yo`lga qo`yish va salomatligini tiklash edi. Eng nufuzli mulozimlariga “kimyogar-tabib”ni kutib olish uchun munosib hozirlik ko`rishni amr etadi. Husayn Boyqaro “Agar o`zimning ham oyog`im og`rib, yurolmay qolmaganimda, bu ulug` allomaga peshvoz chiqardim” degan ekan.

Xullas, “allomai zamon”ni poytaxtda katta tantana bilan kutib olishadi. Uni saltanatning eng oliy qasrlaridan biriga joylashtirishadi. Podshoning oshpazlari uning uchun har kuni lazzatli taomlar hozirlashadi. “Alloma”ni turfa hadyalarga ko`mib tashlashadi. Podsho “allomadan” ikkita narsani: ­har kuni saroy ustaxonasida bir man (taxminan 850 gramm) misni oltinga aylantirib berishni va oyoqlarini davolashni iltimos qiladi. Tabiiyki, birinchi ishning iloji yo`q, ikkinchisini bajarish ham bu qallobning qo`lidan kelmasdi. Agar firibgarligi ochilib qolsa, boshi ketadi.

Shunda alloma “hozir misni oltinga aylantiradigan “Iksir” malhamim juda oz qolgan. Qolgan malhamni podshohi olamning muborak oyoqlari uchun sarflamoqchi edim. Qirq kun muolaja qilib, qirq birinchi kuni hammomda ul zotning oyoqlariga o`sha malhamdan surtaman. Nasib etsa, u erdan o`z oyoqlari bilan chiqib keladilar. Men o`z yigitlarimni “Iksir” olib kelish uchun Mag`rib mamlakatiga yubordim. Olti oyda qaytib kelishadi. Shunda istagancha misni oltinga aylantirib beraman”, deb bahona qiladi.

Podsho bu taklifga ko`nadi. Qirq kun “kimyogar-tabib” saroyda podshoga turli damlamalar ichirib, muolaja qiladi. O`zi ham shohona huzur-halovatdan bahramand bo`ladi. Qirq birinchi kun shahar chetidagi hammomga olib borishni aytadi.

“Faqat shart shuki, podshohimiz va kamina qullaridan boshqa hech kim bo`lmasligi darkor. Bo`lmasa muolaja kor qilmaydi” deydi firibgar. Shohning Badana ismli bir g`ulomi uni yolg`iz hammomga yuborishga rozi bo`lmaydi va ular bilan ergashib hammomga boradi.

G`ulomning ko`rsatmasi bilan har ehtimolga qarshi bir qancha qo`riqchilar ham yashirincha ularning ortidan borishadi. Hammomning bug`xonasiga kirgan chog`da tabibning bir soni ikkinchisidan yo`g`onroq ekanini payqagan g`ulom darhol uning lungisini yulib oladi. Shunda haligi tabib soniga tasma bilan o`tkir xanjar bog`lab olgani ma`lum bo`ladi.

Aniqlanishicha, siri fosh bo`lib, juvonmarg bo`lishdan qo`rqqan firibgar hammomda podshoni o`ldirib, qochib qolishni maqsad qilgan ekan. Shu payt g`ulom tashqaridagi qo`riqchilarga xabar qiladi. Tezlikda firibgarni qo`lga olib, dorga tortishadi va jasadiga kamondan o`q yog`dirishadi.

Rustam JABBOROV tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1