Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida internetdagi soxta havola yordamida fuqarolarning pullarini o`margan shaxs qo`lga olindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Guliston tumanida yashovchi 24 yoshli (ayol) A.G. tegishli tashkilotlarga murojaat qilib, uning bank kartasidagi 2 207 700 so`m pullar “noma`lum shaxs” tomonidan echib olinganini ma`lum qilgan.
Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Sirdaryo viloyati, Guliston tumanida yashovchi 36 yoshli (erkak) U.F. tomonidan sodir etganligi aniqlangan.
Unga ko`ra U.F. jabrlanuvchi A.G.ga “Mukofot yutib oldingiz” mazmunidagi soxta havola yuborgan, A.G. o`zining bank karta ma`lumotlarini va telefon raqamiga kelgan maxfiy kodni kiritganidan so`ng plastik kartasidagi 2 207 700 so`m pullar U.F. boshqaruv huquqini qo`lga kiritish orqali, echib olgan.
Mazkur holat yuzasidan U.F.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, U.F.ga sodir etgan jinoiy harakatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.