AsosiyJinoyat

O`zbekistonning turli hududlarida qariyb 14 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi (video)

'O`zbekistonning turli hududlarida qariyb 14 kg giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi (video)'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Andijon shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda,qirg`izistonlik narkokur`erlar kontrabanda yo`li bilan etkazib bergan 9 kg 57 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, Farg`ona shahri tomon harakatlanmoqchi bo`lgan vaqtida Oltiariq tumanida yashovchi, 1971 y.t., muqaddam sudlangan ayol ushlandi. Bu haqda Darakchi.uz’ga DXX xabar berdi.

DXX Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa Ko`kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi to`xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, uning yukxonasida 2 kg “opiy” va 550 gr.“gashish” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikiston Respublikasidan keltirilgan ushbu ajal og`usini Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtida Denov tumanida yashovchi, 1994 y.t. shaxs ham ushlandi.

DXX Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Uchqo`rg`on tumanida yashovchi, 1974 y.t. fuqaroga tegishli dala hovli xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.

Natijada, Qirg`iz Respublikasidan aylanma yo`llar orqali olib kelingan 1 kg 390 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma`lum bo`lishicha, ushbu fuqaro 12 ming AQSh dollariga sotib olingan narkotikni qayta sotib, mo`may daromad topishni rejalashtirgan.

DXX Toshkent shahar va Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo`qon shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda, 1986 y.t. mahalliy fuqaro 974 gr. “gashish” moddasini 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u ajal og`usini hamshahari, 1989 y.t. fuqarodan olganligi ma`lum bo`lib, u ham qo`lga olindi.

Ta`kidlash lozimki, ushbu narkotik modda Qirg`iz Respublikasidan olib kelingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining joylardagi tergov bo`limlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar