AsosiyJinoyat

O`zbekistonning 6 ta hududida pul evaziga OTMga o`qishga kiritib qo`ymoqchi bo`lganlar qo`lga olindi (video)

'O`zbekistonning 6 ta hududida pul evaziga OTMga o`qishga kiritib qo`ymoqchi bo`lganlar qo`lga olindi (video)'ning rasmi

Respublika bo`ylab Oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kiritib qo`yish bilan bog`liq firibgarlik holatlariga chek qo`yildi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati darakchi.uz'ga xabar berdi.

Quvasoy shahridagi maxsus maktab-internati xodimi muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan, Farg`ona davlat universiteti talabasi bilan o`zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroni mazkur oliy ta`lim muassasasining «Boshlang`ich ta`lim va sport-tarbiyaviy ishi» yo`nalishiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 3400 AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, maxsus maktab-internati xodimi so`ralgan pul mablag`ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Buvayda tumanida kuzatilgan holatda esa umumiy o`rta ta`lim maktabi o`qituvchisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, Rishton tumanida yashovchi fuqaroning Qirg`iz Respublikasi oliy o`quv yurtidagi o`qishini Andijon davlat tibbiyot institutiga ko`chirib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 1500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

 

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, O`zbekiston Milliy universiteti talabasi mansabdor tanishlari orqali, Nurafshon shahrida yashovchi fuqaroni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 7500 AQSh dollari talab qilib, oldindan 4000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Boshqa bir holatda esa Buxoro innovasiyalar universiteti xodimi mahalliy fuqaroni aldov yo`li bilan ishonchiga kirib, uni Qirg`iz Respublikasidagi oliy o`quv yurtida o`qiyotganligi to`g`risida soxta hujjatlar tayyorlab, go`yoki ko`chirish yo`li bilan Buxoro shahridagi Osiyo xalqaro universitetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 26 mln. so`m talab qiladi va oldindan 500 AQSh dollari va 14 mln. 400 ming so`m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

 

Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazishdi. Unda, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1997 y.t. shaxs Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari yordamida uni Guliston davlat universitetining «Ijtimoiy-iqtisodiy» fakultetiga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 4500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyati ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar