Italiyaning mashhur ”Corriere della Sera“ gazetasida ”O`zbekiston oltin imperator saroylari va yangi iqtisodiyot o`rtasida“ sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda ”Dunyo“ AA.
Maqola muallifi Alessandra Puato Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent kabi Buyuk ipak yo`lida joylashgan qadim shaharlar, Markaziy Osiyodagi masjid va maqbaralar, karvonsaroylar hamda tog` va cho`llar Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon va Amir Temur saltanatlarini ko`rgan, deya qayd etadi. ”Bu erda gap, albatta, ”Corriere della Sera” tomonidan ”Turisanda” kompaniyasi bilan hamkorlikda joriy yilning 6-13 oktyabr kunlari tashkil etiladigan O`zbekistonga sayohat haqida bormoqda. O`zbekistonga safar qilish, shuningdek, islohot yo`lidan odimlayotgan, Italiyadan boshlab G`arb bilan aloqalar o`rnatayotgan sobiq ittifoq mamlakatida kechayotgan sanoat o`zgarishlariga guvoh bo`lish imkoniyatini ham anglatadi”, - deb yozadi muallif.
Maqolada O`zbekistonda investisiyaviy loyihani amalga oshirayotgan Italiyaning ”Pietro Fiorentini” kompaniyasi ijrochi direktori Krishtianu Nardining quyidagi so`zlari keltirilgan: ”Biz gaz iste`molini nazorat qilish uchun zarur bo`lgan 3,5 million ”aqlli” hisoblagichlarni etkazib berish bo`yicha tenderda g`olib bo`ldik. Biz deyarli butun mamlakatni qamrab oldik. Hozirgi kunda yangi abonentlar uchun etkazib berish jarayonini o`z ichiga olgan ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ko`rmoqdamiz. O`zbekiston yangi bozor, mamlakat bizni o`zining jozibadorligi bilan hayratda qoldirdi”.
Nashrda qayd etilishicha, ”Corriere“ bilan sayohat qilib, siz haligacha madaniyatlar va dinlar chorrahasi bo`lib qolayotgan mamlakatning qayta uyg`onish davrining asosiy qahramonlari bilan uchrashasiz.
”Biz sayohatimizni ”devorlar ichidagi shahar” - Xivadan, YuNESKO merosi ro`yxatiga kiritilgan Ichan qal`adan boshlaymiz. So`ngra madrasasi va shoh Ark qal`asi joylashgan Buxoroga, shuningdek, Amir Temur tug`ilib o`sgan Shahrisabzga boramiz. Keyin Samarqandga - Amir Temur muzeyi, Ulug`bek rasadxonasi va oxirida, Toshkentga, eng qadimiy Qur`on saqlanadigan muzeyga tashrif buyuramiz”, - deb yozadi ”Corriere della Sera”.