AsosiyJamiyat

Inson huquqlari sohasidagi milliy ta`lim dasturi – amalda

'Inson huquqlari sohasidagi milliy ta`lim dasturi – amalda'ning rasmi

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan joriy yil boshida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo`yicha qisqa muddatli o`quv kurslarini o`tkazish jadvali, o`quv kurslari dasturi va moduli ishlab chiqildi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Bunda O`zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevralda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori dasturilamal bo`ldi. Mazkur qaror va unga ilova qilingan “Yo`l xaritasi” ijrosi doirasida Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2023 yil davomida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba”  mavzusida o`quv kurslarini o`tkazish rejasi ham tasdiqlandi.

Rejaga muvofiq, onlayn va oflayn shakldagi o`quv kurslari Farg`ona viloyatida – 22-23 fevral, Buxoro viloyatida – 29-30 mart, Toshkent viloyatida – 18-19 aprel, Surxondaryo viloyatida – 17-18 may,  Andijon viloyatida – 20-21 iyun, Namangan viloyatida – 22-23 iyun kunlari o`tkazildi. Joriy yilning dastlabki olti oyida mamlakatimiz hududlarining yarmini qamrab olgan ana shu mashg`ulotlarga milliy va xalqaro ekspertlar jalb qilindi. 

Har bir hududdan 50 nafar – ichki ishlar tizimi va 10 nafar – prokuratura tizimi xodimi tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Natijada tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 350 nafar xodimi qiynoqqa solishga qarshi kurashish borasidagi xalqaro amaliyot va milliy tajriba bo`yicha o`z bilimlarini oshirishi ta`minlandi.

O`quv kurslarining birinchi kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov hamda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Yahyojon Abdulhaqovning videomurojaati bilan boshlandi. Bunda O`zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturining mazmun-mohiyati va ahamiyati atroflicha tushuntirildi.

Mashg`ulotlarda Milliy markaz, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o`qituvchilari o`z ma`ruzalari bilan faol qatnashdi. 

Ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar va boshqa g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo turlarining oldini olish sohasidagi xalqaro standartlarni ko`rib chiqdi. Shuningdek, qiynoqlar haqidagi da`volarni hujjatlashtirish, qamoqqa olish joylarida shafqatsiz zo`ravonlik holatlarining oldini olishda tibbiyot xodimlari zimmasiga yuklatilgan burch va mas`uliyat mavzulari muhokama qilindi.

O`quv kurslari yakunida test sinovlari o`tkazildi. Sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga Milliy markaz nomidan sertifikatlar topshirildi.

 

    Boshqa yangiliklar