O`zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo`ja "Heaven's Garden" dam olish maskani hududidagi "Le Marin" basseyniga uning hamrohlaridan biri qo`yilmagani va bu holat rasizm hamda shovinizm bilan bog`liq bo`lishi mumkinligini aytdi. Taniqli jurnalist bu haqda o`zining Fasebook sahifasida post joylashtirgan.
"Bilasizmi O`zbekistonda, o`z yurtimizda rasizm va shovinizm bor ekan, man bugungacha bilmas ekanman, yurgan daryo o`tirgan bo`yra deganlari rost ekan, bugun jamoa bilan bir kunga Toshkent viloyatiga chiqqan edik xordiq chiqarishga…
Basseynga cho`milishga kirmoqchi bo`lsak 5 nafar qora ko`zlarimizni dress code xizmati kiritmadi! Sababini hech kim tushuntirishga ham xarakat qilmadi, “oxranadagi” zabardast o`zimizni jigitlar aytishicha Bo`stonliq tumanidagi La Marin basseyni asli Rossiyalik Vazgen ismli “nozik”tadbirkorga tegishlimish, uning videokamerasidan o`tkanlarga “dobromish” va alarni aksi oqtanli emish, bizni qoramag`izlar kameraga olinib Azim Toshkentdan o`tsagina kiritilarkan",–deydi Sherzodxon Qudratxo`ja o`z postida.
"Heaven's Garden" dam olish maskani ma`muriyati esa Sherzodxon Qudraxo`ja o`z jamoasi bilan basseynga kirganligi, biroq bir nafar jamoa a`zosi "oilaviy" ichki kiyimda bo`lganligi uchun kiritilmaganini aytmoqda. Shuningdek, Sherzodxon Qudratxo`ja qarzdor bo`lib qolganida ayblamoqda.
"Qudratxo`jaevdan vujudga kelgan qarzdorlikni to`lab berishni so`rab qolaman. Tadbirkorlik faoliyatimizda bu juda muhim!",–deydi dam olish maskani rahbari.
Sherzodxon Qudratxo`ja esa, ayblovlarni rad etib, "Heaven’s garden" MChJdan mutloq qarzi yo`qligini aytib chiqdi.
"Haqiqatan ham 2023 yil 18 iyul kuni "Heaven’s garden" oromgohiga jamoaviy korporativ tadbirga borilgan. O`zaro kelishuvga ko`ra, to`lov naqd emas, pul o`tkazish yo`li bilan to`lov amalga oshirishga kelishilgan. "Heaven’s garden" MChJ ma`muriyati tomonidan hisob kitob hujjati va shartnoma 2023 yil 19 iyul kuni 18:04 daqiqa o`tganda taqdim etilgan. Ma`lumingizkim, bank tomonidan pul o`tkazish 16:55 da yopiladi. Shuning uchun ham bugun kunning birinchi yarmida to`lov operasiyasi amalga oshirilgan",–deydi universitet rektori.






