AsosiyJinoyat

Jizzaxda byudjet mablag`larini o`zlashtirib kelgan ona-bola maktab direktorlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi

'Jizzaxda byudjet mablag`larini o`zlashtirib kelgan ona-bola maktab direktorlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi'ning rasmi

Jizzaxda byudjet mablag`larini o`zlashtirib kelgan ona-bola maktab direktorlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Buhaqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san`at maktabi direktori V.M.O. o`z xizmat mavqeyidan foydalangan holda aslida maktabda ishlamagan turmush o`rtog`i O.A.ga ovoz berish operatori sifatida 2019—2023 yil 1 mayga qadar 47,3 million so`m, shuningdek, 2014 yilda ishdan bo`shagan D.H.ga esa 2016 yilga qadar 22,9 million so`m ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni noqonuniy to`lab kelgan.

Bundan tashqari, V.M.O. Zafarobod tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san`at maktabida direktor vazifasida ishlab kelayotgan o`g`li R.D. bilan jinoiy til biriktirib, byudjet mablag`larini talon-toroj qilgan.

U o`z rahbarligidagi maktab xodimlari N.Yu. va I.T.ning xabardorligisiz ularga bir vaqtning o`zida o`g`li rahbarligidagi maktabda ishlagani to`g`risida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. 2017—2022 yillar davomida ushbu ikki xodimga majburiy ushlanmalardan tashqari jami 69,8 million so`m ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni noqonuniy to`lab, umumiy hisobda 146,9 million so`mlik byudjet mablag`larini o`zlashtirish va rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilgan.

O`rganish natijasi bo`yicha to`plangan hujjatlar 2023 yilning aprelida Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Jizzax viloyati Paxtakor tumani bo`limi tomonidan 16 iyun kuni Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san`at maktabi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “a,” “b”, “g” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar