1

Erkaklar bepushtligining davosi bormi?

Salomatlik 18.10.2016, 11:05
Teglar: Salomatlik, Erkak
Erkaklar bepushtligining davosi bormi?

«Har bir oila farzand ko`rishga haqli!» Mazkur ibora haqiqatga aylanishi uchun zamonaviy tibbiyot sohasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgani sir emas. Afsuski, shunda ham bepushtlikka taxmin qilinayotgan juftliklar soni kamayayotgani yo`q. Xususan, erkaklar salomatligidagi ayrim muammolar farzand ko`rishga monelik qilishi tez-tez tilga olinmoqda. Xo`sh, aslida erkaklardagi bepushtlik tashxisi qanday asoslanadi va bu holatda erkakning nasl qoldirish imkoniyati bormi? Shu kabi savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan Urologiya markazi oliy toifali shifokori androlog-urolog Abuqodir Fozilovga murojaat qildik.

 

Nasl qoldirish borasida muammolar borligini shifokor ko`rigidan avval ham bilish mumkinmi?

— Oila qurgach, bir yil davomida farzandli bo`lolmayotgan juftliklarda nasl qoldirish xususiyati bilan bog`liq muammolar borligi taxmin qilinadi. Ammo bu taxmin xolos. Aniq ma`lumot qator tekshiruvlardan so`ng aytilishi mumkin. Agar erkak yaqinlik vaqtida bezovtalik yoki jinsiy a`zolarda biror o`zgarish sezsa va ayolda bir yil davomida homiladorlik yuzaga kelmasa, mutaxassisga ko`ringani ma`qul. Bunday vaqtlarda birinchi tekshiruv urolog huzurida amalga oshiriladi.

Erkaklardagi bepushtlikning sabablari qanday?

— Erkaklarda to`g`ridan-to`g`ri nasl qoldirish xususiyatiga ta`sir etuvchi sabablar quyidagilar bo`lishi mumkin. Bular:

  • Jinsiy a`zolardagi yallig`lanish holatlari bilan bog`liq kasalliklar (uretrit, prostatit).
  • Urug` o`tkazish kanalining berkligi (jinsiy yo`l orqali o`tuvchi infeksiyalar, jarrohlik amaliyotidan keyingi chandiqli o`zgarishlar, rivojlanishdagi tug`ma nuqsonlar sabab urug` kanali yo`lida berklik holati yuzaga kelishi mumkin. Bu erkak jinsiy hayotida sezilmaydi. Shu bois ham maxsus laborator tekshiruv jarayonidagina muammoni aniqlash mumkin).
  • Varikosele — moyak xaltasidagi qon tomirlarining varikoz kengayishi (bu holatda varikoz tomirlarining kengayishi va uzayishi yorg`oqlarda harorat ko`tarilishiga olib kelib, spermatazoidlarning sifat darajasiga sezilarli ta`sir etadi).
  • Organizmdagi gormonal holatning o`zgarishi (aynan gormonal o`zgarishlar jinsiy hayot faolligiga ham ta`sir etib, bir qator nospesifik holatlar bilan kuzatiladi. Masalan, erkak tana vaznining ortishi yoki kamayishi, depressiya, kayfiyat o`zgaruvchanligi kabilar).
  • Immunologik bepushtlik (bunda xuddi erkak immun tizimi organizmga kirgan yot moddalarga nisbatan qarshi hujum qilgandek ta`sir etib, natijada spertazoidlarni nobud etadi va urug`lanish jarayoni yuz bermaydi).

Tahlillar nimalardan iborat?

— Bepushtlikka taxmin qilinayotgan erkak uchun birlamchi tekshiruv usuli, bu — sperma tahlili. Tekshiruv davomida sperma tarkibidagi spermatazoidlar soni, faollik darajasi kamligi yoki shaklining o`zgarishi aniqlansa, qayta tekshiruv tayinlanadi. Agar takroriysida ham avvalgisidek natija bo`lsa, qo`shimcha tekshiruv belgilanadi.

Birlamchi tekshiruvda spermatazoidlar miqdori, harakatchanligi, shakli va tirikligi tekshiriladi.

Ikkilamchi tekshiruvda qon tarkibidagi gormonlar miqdori, spermatazoidlar harakatchanligi, immunologik tekshiruv, urug` o`tkazish yo`lining ochiqligi va UTT amalga oshiriladi.

Zarur hollarda shifokor tomonidan erkak spermasining qo`shimcha tahlili hamda yorg`oq biopsiyasi o`tkazilishi mumkin.

Tekshiruvdan avval bemorga qanday ko`rsatmalar beriladi?

— Tahlil natijasi ishonchli va kerakli ma`lumotlar olish imkonini berishi uchun tekshiruvdan avval quyidagicha tayyorlanish tavsiya etiladi:

  1. Tahlil topshirishdan avval 3-5 sutka jinsiy yaqinlikdan saqlanish;
  2. To`la tekshiruv uchun sperma to`liq miqdorda yig`ilishi kerak. Buning uchun turli surtmalardan foydalanish man etiladi. Sababi surtmalar spermatazoidlar harakatchanligini kamaytirishi mumkin.
  3. Eyakulyat olinganidan so`ng 30-45 daqiqa ichida tana harorati darajasida laboratoriya tekshiruviga topshirilishi kerak. Shu bois ham bunday tekshiruvlar maxsus laboratoriyalarning alohida xonalarida o`tkaziladi.

Reproduktiv tizimga salbiy ta`sir etishi mumkin bo`lgan qanday holatlar bor?

— Aksariyat hollarda erkaklardagi reproduktiv tizim faoliyatining me`yorda bo`lmasligi erkak urug`ining zararlanishi va sifatining buzilishi bilan baholanadi. Misol tariqasida bir necha hayotiy omillarni keltirish mumkin. Bular:

  • chekish, spirtli ichimlik ichish;
  • dori preparatlarining ta`siri;
  • tez-tez issiq haroratda toblanish (sauna, hammomlar);
  • juda tor bichimdagi ich kiyimlardan foydalanish;
  • nosog`lom hayot tarzi.

Jinsiy a`zolardagi tug`ma nuqsonlar nasl qoldirishga mone`lik qilishi mumkinmi?

— Erkaklar jinsiy a`zolaridagi tug`ma nuqsonli xastaliklar sifatida quyidagi holatlar qayd etiladi:

Urug` yo`lining bo`lmasligi. Bunda spermatazoid harakatlanishi uchun kerakli sharoit bo`lmay, urug`lantirish yuz bermaydi. Bu holatda nasl qoldirish xususiyatini tiklash uchun jarrohlik aralashuvi talab qilinadi.

Klayfentler sindromi — genetik noqislik bo`lib, qo`shimcha X xromosoma miqdori bilan xarakterlanadi. Kasallikning keng tarqalgan ko`rinishi eyakulyatda spermatazoidlar miqdorining kamayishi yoki umuman bo`lmasligidir. Klayfelter sindromi aniqlanganda genetik mutaxassis bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Kasallik bolaga otasi tomonidan o`tadi. Bu sindromda farzandli bo`lish imkoniyati har doim ham kutilganidek bo`lavermaydi.

Kriptorxizm — yorg`oqda bitta yoki ikkala moyakning bo`lmasligi. Agar yangi tug`ilgan o`g`il bolaning moyaklari bir yil ichida yorg`oqqa tushmasa, kelgusida nasl qoldirish bilan bog`liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Patalogiya aniqlanganda esa bolaning 4 yoshigacha davomli muolaja olib borilsa, yaxshi natijaga erishish mumkin.

Erkaklar bepushtligida yosh ko`rsatkichining o`rni qanday?

— Ma`lumki, ayolning birinchi farzand ko`rishi 35 yosh va undan yuqorisiga to`g`ri kelsa, homiladorlik og`ir kechishi mumkinligini hisobga olib, yoshga doir me`yorlar keltiriladi. Ammo erkaklarda yoshga doir cheklovlar yo`q. Ammo erkakning yoshi kattalashgani sari sog`lom nasl qoldirish xususiyati ham zaiflashib borishi mumkin. Biroq organizmning individual ko`rinishi va immunitetining mustahkamligiga ko`ra ma`lum yosh belgilanmagan.

EKU va inseminasiya usullari haqida ko`p gapirilayapti. Haqiqatan ham bu usullar erkaklardagi bepushtlikda samaralimi?

— Mazkur usullarga murojaat qilishdan avval erkakning umumiy holati, belgilangan tahlillar natijasi o`rganiladi. Aniqlangan holatlar yuzasidan kerakli muolajalar, zarur hollarda jarrohlik aralashuvlari o`tkaziladi. Davolash ishlari yakunlangach, ma`lum muddat natijasi kuzatiladi. Hech qanday o`zgarish bo`lmasa, qayta tekshiruv o`tkazilib, shunga ko`ra sun`iy inseminasiya yoki EKU usullari tavsiya qilinishi mumkin. Tibbiyotda bu usullar 100 foiz ishonchli deya kafolatlanmaydi.

Bepushtlik muammosi erkakning qaddini bukishi rost. Hatto ba`zida kuchli emosional o`zgarishlarni ham keltirib chiqaradi...

— Ha, rost. Ayol farzandli bo`lishi uchun umidini so`ndirmasa-da, erkak uchun bu jiddiy emosional zarba. Bu vaqtda erkakda o`ziga nisbatan ishonchsizlik, asabiylik, atrofidagi holatlarga nisbatan befarqlik, o`z qobig`iga o`ralib qolish kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Vaziyatni nazorat qilish va olg`a intilish uchun ayol va erkakda birdek qat`iyat, kuchli iroda bo`lishi kerak. Ayollarga maslahatim:

  • Juftingiz bilan ochiq muloqotni saqlashga harakat qiling.
  • Shunday qulay sharoit yaratingki, bundan nafaqat o`zingiz, balki juftingiz ham o`zini erkin sezsin.
  • Nafratlanishdan saqlaning. Bepushtlikni hech kim o`z ixtiyori bilan tanlamaydi!
  • Bir-biringizni doimo qo`llab-quvvatlashga oshiqing. Ayniqsa, biron sabab bilan kimningdir kayfiyati tushkun holatda bo`lsa.
  • Jinsiy hayot tarzingizga ozgina bo`lsa-da romantik muhitni qo`shing. Shuni unutmangki, jinsiy yaqinlikdan maqsad faqatgina farzand ko`rish uchun emas.
  • Davolash turi va muolajalar hamda kelgusidagi rejalarni birgalikda tuzib chiqing.

Shifokor sifatida farzand ko`rish muammosi bilan yuzma-yuz turgan erkaklarga qanday maslahat berasiz?

— Avvalo ruhiyatingizni cho`ktirmang. Xohish va iroda bo`lsa, hamma narsaning iloji bor. To`ydan keyin bir yil o`tgach farzand bo`lmasa, darrov ayolingiz yoki o`zingizdan ayb qidirmang. Yaxshisi, shubhalaringizni chetga suring-da, shifokorga ko`rining. Farzand ko`rishning erta-kechi bo`lmaydi. Shunchaki salomatlikka e`tibor qilinsa bo`lgani.

Dildora YuSUFBEKOVA

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
Buxorolik erkak qo`shxotinlikda ayblanib, unga bir yil ozodlikdan cheklash jazosi berildi

24.11.2019, 10:51

 G`ijduvonda X.S. ismli fuqaro qo`shxotinlikda ayblanib sudlandi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudi raisi Boborahim Ochilov ma`lum qilgan.1966 yili G`ijduvon tumanida tug`ilgan fuqaro...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1