18 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida saylov kampaniyasida ishtirok etayotgan jurnalistlar uchun amaliy seminar o`tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, Prezident saylovini yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi hamda okrug saylov komissiyalari matbuot markazlari xodimlari qatnashdi.
Amaliy seminar davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga saylovga tayyorgarlik jarayonlari to`g`risida atroflicha ma`lumot berildi.
Seminarda saylov kampaniyasini ochiq va oshkora tashkil qilish, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishning barcha bosqichlari haqida mamlakatimiz aholisi va xalqaro hamjamiyatni o`z vaqtida, keng xabardor qilib borishda ommaviy axborot vositalari hal qiluvchi o`rin tutayotgani alohida ta`kidlandi.
Markaziy saylov komissiyasi bilan O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, “Uzreport” axborot agentligi o`rtasida saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonini yoritish yuzasidan imzolangan ikki tomonlama bitimlar o`zining amaliy natijalarini bermoqda.
Umuman, saylov kampaniyasi boshlanganligi e`lon qilinganidan buyon O`zbekiston ommaviy axborot vositalarida bu mavzuda 4380 tadan ziyod materiallar, shu jumladan markaziy va hududiy tele-va radiokanallarda 1700 tadan ziyod intervyu, syujet va lavhalar, davriy nashrlarda 1850 tadan ortiq materiallar, internet nashrlarida 820 tadan ziyod materiallar. Xorijiy ommaviy axborot vositalarida esa 600 taga yaqin materiallar e`lon qilindi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 500dan ortiq vakillari, okrug saylov komissiyalari tomonidan esa 430 tadan ziyod mahalliy jurnalistlar akkreditasiyadan o`tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari o`zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.





