1

Qanday kasalliklar nasldan o`tishi mumkin?

Salomatlik 18.10.2016, 14:22
Teglar: Salomatlik
Qanday kasalliklar nasldan o`tishi mumkin?

Qaynotam qandli diabetga chalingan. Ancha yildan beri shu kasallikdan aziyat chekadi. Oxirgi paytlarda erim og`zi tez-tez quruqlashib ketayotganidan shikoyat qilayapti. Eshitishimcha, bu kasallik keyingi avlodlarda ham takrorlanishi mumkin ekan. Shu rostmi?

Charos, Namangan shahri

Tahririyatimizga qo`ng`iroq qilgan bu namanganlik mushtariyimizning savoli ko`pchilikni qiziqtiradi. Darhaqiqat, kundalik turmushimizda tez-tez tilga olinadigan kasalliklar oila a`zolarimizdan birida takrorlanishi xavotirga solishi rost. Ammo bu ro`yxatni qaysi kasalliklardan boshlash zarur va bunday «meros»ga ega chiqmaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratish lozim?

Ma`lumot

Oila a`zolarining birida yaqin qarindoshlarda uchragan kasalliklarning takrorlanishi tibbiyotda ikki xil ko`rinishga ega. Biri irsiyat bilan bog`liq kasalliklar bo`lsa, boshqasi nasliy moyillik va tashqi muhit ta`sirida yuzaga keladigan xastaliklar. Kundalik hayotda «ommalashgan» kasalliklarga moyillik mana shu ikkinchi turga taalluqli.

Onkologiya: xavf darajasi qanday?

Eng yaqin qarindoshlaringiz shubhasiz, ota-ona, aka-singil, buvi-buva va farzandlaringizdir. Bordiyu ulardan birida onkologik kasalliklar kuzatilgan bo`lsa, oila a`zolaridan birining organizmida mazkur turdagi xastaliklarga moyillik bo`lishi mumkin. Ayniqsa, onkologik kasalliklarning xavfli o`sma ko`rinishidagisi xavotirlanish uchun etarli asosdir.

Kasallanmaslik uchun:

  • Organizmni foydali vitamin va minerallar bilan oziqlantiruvchi mahsulotlardan ko`proq iste`mol qiling. Suniy qo`shimchalardan tayyorlagan eguliklardan voz kechgan ma`qul.
  • Iste`mol qilinadigan yog`li go`sht va tuz miqdorini ham kamaytiring.
  • Sog`lom turmush tarziga rioya qilib, vazningizni nazorat qiling.
  • Ruhiy zo`riqish, stress holatlaridan saqlaning. Turli noxush o`ylardan forig` bo`ling.

Osteoparozga chalinganlar bormi?

Yaqinlaringizdan diqqat bilan surishtirib ko`ring: kimgadir osteoparoz (suyaklar to`qimasi siyraklashib, suyaklar haddan tashqari g`ovaklashib qoladi) tashxisi qo`yilganmi? Sababi bu kasallik 90 foiz hollarda yaqin qarindoshlarning qay biridadir moyillikni keltirib chiqaradi.

Kasallanmaslik uchun: muntazam jismoniy mashqlar bilan shug`ullanish, tarkibida D vitamini mavjud bo`lgan mahsulotlar bilan oziqlanish va sog`lom turmush tarziga rioya etish lozim.

Qandli diabet xavfi

Agar yaqinlaringiz orasida qandli diabetga chalinganlar bo`lsa, siz va oilangizning boshqa a`zolarida ham mazkur kasallikka chalinish ehtimoli mavjud. Qarindoshlik darajasi qanchalik yaqin bo`lsa, kasallikka moyillik xavfi ham shunchalik yuqori bo`lishi mumkin. Asosan, qandli diabetning 1 va 2-turlariga moyillik holatlari qayd etilib, eng ko`p uchraydiganlari birinchi, ya`ni erta kasallikka chalinganlik ko`rinishlaridir.

Kasallanmaslik uchun: tibbiy tadqiqotlar natijasiga ko`ra, har kuni 30 daqiqa jismoniy mashqlar bilan shug`ullanish va organizmda insulin miqdori ortib ketmasligini nazorat qilish orqali qandli diabetdan saqlanish mumkin ekan. Ovqat bilan birga oson hazm bo`ladigan uglevodli-shirin eguliklarni me`yoridan ortiqcha va muntazam iste`mol qilish esa kasallikka chalinish xavfini oshiradi.

Infarktdan himoyalanganmisiz?

Infarkt (yurak mushaklarining bir yoki bir nechtasi nobud bo`lib, yurak faoliyatining izdan chiqishi) hatto nasliy moyillik bo`lmasa ham yuzaga kelishi mumkin. Biroq yaqin qarindoshlaringiz orasida erkaklarning 55 yoshgacha va ayollarning 65 yoshgacha bo`lganlari infarktga chalingan bo`lsa, siz yoki oila a`zolaringizning birida mazkur kasallikka moyillik darajasi birmuncha yuqori sanaladi.

Agar yaqin qarindoshlaringiz orasida erkaklarda 55 yoshdan so`ng, ayollarda 65 yoshdan keyin infarktga chalinish holatlari kuzatilgan bo`lsa, tashxis qo`yilganidan so`ng o`sha inson necha yil umr ko`rganiga ahamiyat bering. Kasallikdan keyingi hayoti qancha uzoqroq bo`lsa, yaqinlari uchun infarktga chalinish xavfi shuncha kamayib boradi.

Kasallikka chalinmaslik uchun: tana vazningiz va asabingizni nazorat qilishni, ruhiy zo`riqishlardan saqlanishni o`rganing. Sport mashg`ulotlari bilan shug`ullanish ham foydadan xoli bo`lmaydi.

Ko`rish qobiliyati

Nasliy moyillik uzoqni xira ko`rish kasalligi uchun asosiy omillardan biri. Aniqlanishicha, mazkur kasallikka chalingan insonlar oilasida xastalikning yuzaga kelish xavfi keyingi avlodlar uchun 3 marta ko`proq bo`lar ekan. Biroq har doim ham kasallik ota-onadan farzandlarga o`tavermaydi. Organizmda shunga moyillik yuzaga kelsagina uchrashi mumkin. Bu holat inson umrining istalgan vaqtida yuz berishi mumkin.

Kasallikka chalinmaslik uchun: ko`z nurini asrash o`z qo`lingizda. Vaqti-vaqti bilan ko`rish qobiliyatini yaxshilash uchun turli damlamalar yordamida kompress qiling, davolovchi mashqlarni bajaring. Shu bilan birga, ko`rish qobiliyatiga ta`sir etuvchi zararli odatlardan ham voz keching.

Allergik holatlar

Agar ota-onangizdan birida allergik moyillik mavjud bo`lsa, kasallikning sizda ham takrorlanishi ehtimoldan xoli emas. Shunga ko`ra, ota-onaning biri allergik hisoblansa, farzandlarida kasallikka moyillik 40-50 foizni tashkil etadi. Ikkalasi ham allergiklar guruhiga mansub bo`lishsa, 70-80 foizni ko`rsatadi. Shuni ham aytish kerakki, allergik holatlarga moyillik qarindoshlarda kuzatilgan tartibda emas, organizmdagi o`zgarishlarga ko`ra boshqacha ko`rinishda ham bo`lishi mumkin.

Kasallikka chalinmaslik uchun: eng muhimi, allergik holatlarni chaqiruvchi mahsulotlardan uzoqroq yuring. Masalan, aerozol, yangi bo`yoqlar, tamaki tutuni, taomnomadagi qizil, achchiq, o`ta shirin va sho`r eguliklar shular jumlasidandir.

«Onam to`lachadan kelgan bo`lsa, men ham semiramanmi?»

Olimlarning tadqiqotlariga ko`ra, ota-onasi yoki yaqin qarindoshlarining aksariyatida semizlik kuzatilgan bo`lsa, oilaning boshqa a`zolarida ham shunga moyillik bo`lishi mumkin. Kimlardadir bu yoshligidan sezilsa, kimdadir asta-sekin yuzaga keladi.

Oldini olish uchun: tana vazningizni nazoratda tutsangiz, istalmagan to`lalikni meros qilib olmaysiz. Asosiysi, ozaman deb, organizmingizni zo`riqtirib, quvvatsizlantirmang.

Soch to`kilishi

Oilangiz erkaklarida sochning erta to`kilishi muammosi bo`lsa, bu holat boshqalarda ham uchrashi mumkin. Odatda bu jarayon erkaklar naslidan tarqalib, tepakallikni keltirib chiqaradi.

Oldini olish uchun: sochlarni to`g`ri parvarishlang. Zarur hollarda vitaminlardan qabul qiling. Hamma ishlatgan taroqlardan foydalanmang.

Depressiya ham o`tishi mumkinmi?

Albatta, agar bunga moyillik bo`lsa. Aytaylik, turmushdagi muammolar, asabiylik, tushkun kayfiyat, hayotidan qoniqmaslik bora-bora depressiyani keltirib chiqarib, ruhiy muvozanatni o`zgartiradi. Bu holat asosan ayollarda ko`p kuzatilib, tug`ruqdan keyingi davrlarga to`g`ri kelar ekan. Kasallik sababining oddiy kundalik tarzidan kelib chiqishi esa yanayam hayratlanarli.

Kasallikka chalinmaslik uchun: hayotingizni boricha qabul qilib, muammolarni axtarmang. Asablaringizni nazorat qilib, tinchlaning. Zarur hollarda nevropatologga uchrab, tinchlantiruvchi muolajalar ham olish mumkin.

Oshqozon gastriti, me`da yarasi...

Bu kasalliklar ham oila a`zolaringizning birida takrorlanishi mumkin. Ammo organizmda xastalikka moyillik bo`lmasa, xavotirga o`rin yo`q. Biroq har qanday vaziyatda ham iste`mol qilinayotgan mahsulotlarga e`tiborli bo`ling. Oddiydek ko`ringan holat ham kasallikka moyillikni uyg`otishi hech gap emas.

Kasallikka chalinmaslik uchun: avvalo to`g`ri ovqatlaning. Och qoringa turli sharbatlardan ichmang. O`z vaqtida, to`g`ri ovqatlanishni odat qiling. Oson hazm bo`ladigan taomu eguliklardan tez-tez, oz-ozdan tanovul qiling.

Ayollar salomatligiga doir kasalliklar

Onangizning kasallik tarixi bilan tanish bo`lsangiz, tuxumdonlar, siydik yo`llaridagi shamollash, yallig`lanish jarayonlari, sistit, bachadon naylari faoliyati bilan bog`liq o`zgarishlardan voqifsiz. Agar bu kasalliklar haqida bilsangiz, o`zingizda ularga moyillik yuzaga kelishi mumkinligini ham inobatga oling. Sababi onadan qizlarga aynan mana shu turdagi kasalliklarning o`tish ehtimoli yuqori sanaladi.

Kasallikka chalinmaslik uchun: jinsiy a`zolar faoliyati bilan bog`liq xastaliklarga ahamiyatli bo`ling. Yallig`lanish holatlarini o`z vaqtida davolang. Kasallikka moyillikni keltirib chiqaruvchi salbiy ta`sirlardan himoyalaning.

Xullas, salomatligingiz o`z qo`lingizda! Demakki, ota-onam yoki xola-ammam qaysi kasallik bilan og`rigan, deya bosh qotirmay, sog`lom turmush tarziga amal qiling. Nafaqat o`zingiz, balki oilangizning barcha a`zolarini bunga jalb eting. Zero, to`g`ri tanlangan turmush tarzida har qanday kasallik ham chekinadi. Unutmang, nasliy moyillikka ega bo`lish uchun organizmda jiddiy o`zgarish va tashqi muhitning salbiy ta`siri bo`lishi kerak. Bularsiz oilangiz tarixidagi kasalliklar salomatligingizga soya sololmaydi.

Shifokor-genetik Sanobar ALLABERGANOVA tavsiyalari asosida Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi

 

Sharhlar

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
YuTINGANDA QULOQ OG`RIG`I?!

26.12.2017, 13:12

— Uch yashar o`g`lim ovqat chaynab yutayotganida qulog`ini ushlab, og`riyotganini aytdi. Shifokorga ko`rsatsam, otit deb tashxis qo`ydi. Bu qanday kasallik? Uni uyda davolasa bo`ladimi? Nazira...
DIATEZ QAYTALAMASIN DESANGIZ…

26.12.2017, 13:08

— Emizikli chaqalog`im ekssudativ diatez kasalligi bilan og`rigandi. Hozir sog`aygan bo`lsa-da, ayrim taomlarni iste`mol qilganimda uning badanida qizg`ish dog`lar paydo bo`ladi. Go`dakda diatez qaytalamasligi uchun...
FARZANDINGIZNI MAKTAB KASALLIKLARIDA ASRANG!

26.12.2017, 11:36

Uzoqni ko`ra olmaslik;skolioz (umurtqa pog`onasining qiyshayishi);gastrit;ruhiy-asab tizimi buzilishlari kabilarni maktab kasalliklari sirasiga kiritish mumkin. Statistikaga ko`ra, har besh bolaning biri umurtqa pog`onasi muammolaridan qiynalsa, har...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1