Farg`ona viloyatida umra ziyorati uchun yo`llanma tayyorlab berishni va`da qilib, fuqaroni chuv tushirgan shaxs qo`lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBBga ariza bilan murojaat qilgan fuqaro Telegram orqali suhbatlashgan noma`lum shaxs unga 25 dona umra ziyorati uchun yo`llanma tayyorlashni taklif qilib, bank kartasiga 20 ming 50 dollarni o`tkazib olgan. Biroq u bergan va`dasini bajarmay yashirinib yurganini ma`lum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tezkor qidiruvlar davomida pullarni o`zlashtirgan shaxs aniqlandi.
1996 yilda Farg`ona viloyatida tug`ilgan, Oltiariq tumani hududida yashovchi shaxs qo`lga olinib, tergovga jalb qilingan. Hozirda ushbu shaxsning Toshkent shahri hududida sodir etilib, fosh etilmasdan qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.