1

Izzat va Nilufar Ibragimovlar: «Sevgi bu – rashkka o`rin yo`qligi»

Shou-biznes 19.10.2016, 12:18
Teglar: Xonanda, Shou-biznes, Oila, Er-xotin
Izzat va Nilufar Ibragimovlar: «Sevgi bu – rashkka o`rin yo`qligi»

Loyihamizning galdagi mehmoni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Izzatilla IBRAGIMOV hamda uning rafiqasi Nilufar IBRAGIMOVA. Qahramonlarimiz bilan uchrashuvni xonadonlarida o`tkazishga kelishdik. Tashrifimiz chog`i bu oilada allaqanday osoyishtalik kayfiyati borligi diqqatimizni tortdi. 

–  Izzatilla aka, rafiqangiz bilan munosabatlaringizga ko`pchilikning havasi keladi. Baxtli turmushingizning siri nimada? 

–  Avvalo er-xotin bir-birini to`g`ri tushunishi, dalda bo`lishi, zarur vaziyatlarda yon bosishni bilishi kerak. hamma oilada ham muammolar, tushunmovchiliklar bo`lib turadi. Ana shunday holatlarga ko`z yumishni bilish ham oila farovonligi uchun xizmat qiladi. Ikkalamizda ham o`zimizga yarasha yutuq va kamchiliklarimiz bor. Ammo yaxshisini oshirib, kamchiligini yashirib yashayotganimiz uchun ham baxtlimiz. Siz nazarda tutgan sir shu, menimcha. 

–  Umr yo`ldoshingizni qaysi jihati uchun sevib qolgansiz? Umuman, erkak his-tuyg`ulari haqida ochiq-oydin gapirishi shartmi?

–   Kelinoyingizni, rahmatli onam bilan u tahsil olgan Tibbiyot institutiga borganimizda ko`rganman. Uzoqdan kelayotgan qizlardan Nilufar haqida so`raganlarida, birlari aynan o`zi bo`lib chiqqandi. Chehrasidagi yoqimli tabassumi, odob bilan muomala qilishiga maftun bo`lganman. Hozir ham oramizdan biror  gap o`tsa, tabassumi bilan vaziyatni yumshatadi. Uning ana shu fazilatini juda hurmat qilaman. Ayolimni sevaman! Va buni aytishdan uyalmayman. Fikrimcha, erkak kishi his-tuyg`ulari haqida gapirishi shart. 

–  Qoyil, sizdan aynan shunday javobni kutgandim. Lekin san`atkorning rafiqasi bo`lish oson emas. Buni o`zingiz ham tan olsangiz kerak?

–  To`g`ri aytdingiz. Buni ayolim ham tan oladi. Uni biror marta noliganini ko`rmaganman. San`atkor ahli injiqliklarini atrofidagilarga, yaqinlariga qiladi. Bizni tushunish, kayfiyatimiz o`zgarishini ko`tara olish uchun sabr, iroda kerak. Gohida bir necha kunlab davom etadigan suratga olish ishlari uchun kelinoyingiz etti-sakkiz xil liboslarni dazmollab, poyabzalimgacha taxt qiladi. Shu kezlarda qiynalayotganini sezaman. Ammo buni menga ko`rsatmaydi. Uyga saharlab mehmon keladimi yoki tunga yaqinmi, hech qachon e`tiroz bildirmagan. Hamisha qo`li ko`ksida kutib oladi. 

–  Bundan chiqdi, ekrandagi ko`rinishingiz rafiqangizning hissasi ekan-da?

–  100 foiz deyavering. (kuladi) Ko`cha-kuyda ko`rkam bo`lib yurishim uchun tashqi ko`rinishimni ko`zdan qochirmaydi. 

–  Ko`pchilik erkaklardan eshitamiz, «ayolim onamga o`xshasin» deb niyat qilishadi. 

–  Onam rahmatli qaerga borsalar, to`y-hashammi, yig`inmi, doimo qaynoyna-kelin birga yurishardi. Hatto, bozorga tushishganida «qizingizmi» deyisharkan. «Kelinim» desalar, bir-biringizga juda o`xsharkansiz, degan holatlar ko`p bo`lgan. Nilufarning tashqi ko`rinishi tugul, ichki dunyosi ham onamga juda o`xshash. Qaynona-kelinning tuprog`i bir joydan olinadi, degan ibora bizni oilamizda isbotini topgan. 

–  Chin ma`noda oilasidan halovat topgan inson ekansiz. Zero erkakning ko`cha-kuyda xotirjam yurishi, yaqinlarining bir-biri bilan munosabatiga ham bog`liq-da.

–  Volidam rahmatli juda oqko`ngil ayol edilar. Hatto, kelinlari bilan oralaridan biror gap o`tgudek bo`lsa ham o`g`lim ranjimasin, ishida tinch yursin, deb aytmasdilar. Uyga qaytganimda har doimgidek samimiy muhitni ko`rardim. 

–  Navbatdagi savolim balki biroz jo`ndir, shunday bo`lsa ham siz uchun eng chiroyli va  ideal ayol kim?

–   Ideal odamning o`zi yo`q. Bu tasnifdagi odamni izlasangiz, yakkalanib qolishingiz mumkin. Chunki har birimizda kamchilik bor. Bo`ydoqligimda umr yo`ldoshim qanday qiz bo`lishi haqida o`z tasavvurim bo`lgan. Kelinoyingiz bilan bir marta suhbatlashgach, u aynan meni talablarimga mos qizligini bilganman. Keyinchalik birgalikdagi hayotimiz davomida yaxshi fazilatlarining bisyorligini ko`rib, tanlovda adashmaganimga ko`p bora amin bo`lganman. 

–  Agar Nilufar opani ikki og`iz so`z bilan ta`riflang desam, nima derdingiz?

–  Ayolimdan roziman! Mana sizga eng maqbul ta`rif. Kimdir yoshi bir joyga borib qolganida yon-atrofdagilaridan rozi-rizolik so`raydi. Shu paytgancha ham ko`p aytganman o`ziga, sendan roziman, deb. Xatti-harakati, ota-onamga mehri, xizmati, menga qilayotgan g`amxo`rligi bilan rozi qilgan. Bu yil turmush qurganimizga 17 yil to`ladi. Ishonsangiz, butun umr birga yashayotganga o`xshaymiz. Bir kuni san`atkorlar davrasida shu haqida gapirdim. Shunda ayol hamkasblardan biri «Ko`p ham gapiravermang. Ko`z tegadi» dedi. Saldan keyin kelinoyingizning tobi qochdi. Nazar-nafas degan gaplar rostmi degandim, shunda.  Lekin ayolim haqida hozir g`ururlanib gapirmasam, qachon aytaman.

–   Suhbat davomida sahnadagi qiyofangiz bilan oiladagisi bir xilmikan deya o`ylab qoldim. Bunga nima deysiz?

–  Sahnadagisiga yaqin. Klassik uslubda, jiddiy, kezi kelganida hazilkashman. Studiyadan kelib, yo`lakdagi magnitofonda tayyorlanayotgan qo`shig`imni qo`yib eshittiraman. Muxlislar hukmiga havola etgunimcha yaqinlarimning fikriga qiziqaman. Onam hayotli chog`i yangi qo`shig`imga raqsga tushib, muhokama qilardik. Oilaviy kengashimizdan o`tsa, keyin tinglovchilarga havola etiladi.  

–  Jiddiyman, deyapsiz bolalar tarbiyasida ham shundaymi? 

–  Qattiqqo`llik qilinadigan vaziyatlarda talabchanman. Kezi kelsa, tanbeh berishim ham mumkin. Odamning qulog`ini ortida ham ko`zi bo`lishi kerak. Hushyor va ziyrak bo`linglar, deyman. Hayotda ota-ona beradigan tarbiyadan yuksakroq hech nima bo`lmaydi farzand uchun. Buni takror va takror aytaman bolalarimga. Otaning asosiy vazifasi ham zurriyotlariga tarbiya, ilm va bilim berish.   

–  Izzatilla aka, suhbat bahona ijodingizga ham to`xtalsak. Bir muddat ko`rinmay qoldingiz. Tanaffusingizni har kim o`zicha izohladi. Asl sababini o`zingizdan eshitsak. 

–  Bu bitta menga bog`liq emas. Bilasizmi, san`atkorning ijodini soyga qiyoslayman. Suv o`z yo`lida oqib, qaerdadir ikkiga ajraladi, sekinlashadi yoki ko`lmakka aylanishi ham mumkin. Soddaroq aytganda har kim ko`rpani o`zini tarafiga tortqilaversa, hamjixatlik bo`ladimi? Muvozanat buziladi. Xullas, ijodiy tanaffusning o`ziga yarasha sabablari bo`ldi. Men to`g`ri deb bilgan nuqtai nazarga ko`ra, ijoddan pul qilish degan tushuncham bo`lmagan. Faqat to`yma-to`y yursam, qo`shiqlarim xit bo`lsa, demaganman. Yaxshi qo`shiq yaratsam, kimdir undan ma`naviy ozuqa olsa derdim. 

–  Sizni og`ir xastalikka chalinibdi ham deyishgandi.

–   2002 yili buqoq kasaliga yo`liqdim. 2007 yilgacha o`zimdan o`tganini o`zim bildim, yaqinlarim bilishdi. Davolanib, ishlashda davom etaverdim. Oxiyri kasallik asoratini ko`rsatdi. 2009 yili operasiya qilishdi. Amaliyotga kirishdan avval ikkita qo`shiqni yozib, ularga klip ham olib qo`ydim. Chunki keyin nima bo`lishi, ovozim qachon qaytishini hech kim bilmasdi. Muolajadan 52 kun o`tib, navbatdagi qo`shig`imni yozdim. Aslida bir oy ijodingiz to`xtagani, bir yil ortda qoldingiz degani, shou-biznesning yozilmagan qoidalariga ko`ra. Lekin shuni aniq aytolamanki, shu sohaning ichidaman. Balki bugun nisbatan kam ko`rinayotgandirman. Ammo mutlaqo yo`q bo`lib ketmadim. Muxlislarimga atagan yangiliklarim ko`p. Nasib qilsa, tez kunlarda havola etaman. Men shunaqa odamman, mingta imkoniyatdan bittasi qolsa ham undan foydalaman. Osonlikcha taslim bo`lmayman. 

–  Xo`sh, Izzat Ibragimovni davri keldimi, o`tib ketdimi yoki endi keladimi?

–  Men mashhurlikka erishgan san`atkorman va hali ham shu darajani ushlab turibman. Davr degan so`z esa nisbiy tushuncha. Bu masalada fikrlaydigan inson mashhurligimning umri qancha degan savolni o`ylab ko`rishi kerak. Shu savolingizni 70-80 yoshlarimda bersangiz, balki boshqacha javob berarman. hozir esa ijoddaman, to`xtaganim yo`q. 

–  O`zingizga bo`lgan ishonchingiz aslo so`nmasin! Elda azizman dedingiz, ilohim ana shu darajada qoling. 

–  Tashakkur!

Rafiqasi – Nilufar IBRAGIMOVA, Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo`shinlarida shifokor-terapevt bo`lib, faoliyat yuritadi. Uch farzandning onasi. 

–  Nilufar opa, ro`zg`or ishlari, farzandlar, san`atkorning rafiqasi bo`lish – barchasiga ulgurish, eplash qiyin emasmi?

–   Er-xotin bir-birini tushunib yashasa, dalda bo`lsa, hammasini uddalaydi. Qars ikki qo`ldan chiqadi, degani shu-da. Turmush o`rtog`im bilan hamisha  bamaslahat ish ko`ramiz, bir-birimizning fikrimizni tinglaymiz. Gohida xizmat taqozosi bilan bir necha oylab chegara hududlaridagi harbiylar salomatligini tekshirish uchun ketaman. Uyda suyangan, ishongan jufti halolim borligi uchun ham xotirjam vazifamni bajaraman. Ba`zan tuni bilan navbatchilik bo`ladi yoki tezkor safarbarlik tayinlanadi. Shunaqa paytlarda «nimaga?» «qaerga?» degan so`roqlar bo`lmasligi quvontiradi. Ayolining kasbini tushunmaydigan erkaklar oz deysizmi?! Ishlashimga sharoit yaratib berganlaridan minnatdorman. Turmushimizning shu pallasiga kelib, o`zim uchun kashf qilgan haqiqatim shuki, er-xotin bamaslahat hayot kechirsa, yashash qiyin bo`lmaydi. 

–   Izzatilla akani yaxshi bilmaganlar juda jiddiy bo`lsa kerak, deyishadi. Rafiqasi sifatida nima deysiz? 

–  Jiddiyligi ham bor. Lekin vaziyatga moslashuvchan inson. Agar kulgu-mutoyiba bo`layotgan davra bo`lsa, darrov qo`shilib ketadi. hayotda esa samimiy, hazilkash. 

–  Biron qat`iy talabi bormi?

–  Yolg`on gapirmaslik, samimiy va halol bo`lish. Eng asosiy va qat`iy talabi shu. 

–  Sizning-cha, turmush o`rtog`ingizning qaysi odatini o`zgartirib bo`lmaydi?

–  Jahli tez. Bir pastda yonib, o`chadigan odatlari bor. Menimcha, buni o`zgartirib bo`lmaydi. Burjlariga ham bog`liq, aqrab-da. 

–  Ko`p yil birga hayot kechirganlar bora-bora bir-biriga o`xshab ketadi, deyishadi. Qo`shilasizmi?

–  So`zsiz! Gohida bitta narsa haqida o`ylayotganimizni baravar aytib yuboramiz. Yoki endi aytmoqchi bo`lgandim-a, deydilar. Oyijonim (qaynonasi) bilan ham shunday bo`lardi. Biror ovqatni aytaman, deb chiqsalar, aynan o`ylaganlarini tayyorlayotgan bo`lardim. 

–  Rosti ayting, muxlisalaridan hali ham qizg`anasizmi?

–  Yo`q, oramizda rashkka o`rin yo`q. Izzatilla akaga yuz foiz ishonaman.  

–  Mashhur insonni rafiqasi ekanligingiz qaysi vaziyatlarda bilinadi?

–  Turmush o`rtog`im el suygan san`atkor ekanligini ishda, ko`cha-kuyda gapirishlarini istamayman. Shunda ham bemorlar yoki boshqa tanish-bilishlar so`rab-surishtirib bilib olishadi. «Nega boshqalarga o`xshab, maqtanmaysiz falonchini xotiniman deb» aytishadi.  

–  Sizning-cha, ayol kishi turmushda nimalarga ko`z yumushi kerak?

–  Ortiqcha ikir-chikirlarga. Hamma narsadan «kir» qidirib yashashdan ma`no yo`q. Muammo kerakmi, izlasangiz bahona topiladi. Lekin nima naf?

–  Baxtingiz, turmushingizga ko`z tegmasin!

–  Rahmat!

BLIS SAVOLLAR:

–  Izzatilla akaning harakteridagi siz qadrlaydigan UCh xislat?

–  halollik, poklik va to`g`ri so`zligi.

–  Umr yo`ldoshingizni UCh so`z bilan ta`riflang. 

–  Jahli tez, mehribon va sahiy.  

–  Sizga atalgan qo`shig`i. Bittasini ayting.

–  «Muhabbatingdan»

IZZAT IBRAGIMOV:

–  BIRINChI qiziqishingiz?

–  4 yoshimdan san`atkor bo`lishimni bilganman. Lekin qiziqishlar ko`p bo`lgan. 

–  BIRINChI tajriba?

–  3-sinf edim. Kichkina motorcha ustiga yog`och reykadan pirpirak yasab, orqasiga batareyka qo`yganman. 

–  BIRINChI muhabbatingiz?

–  Maktab davrida bo`lgan, sinfdosh qizni yoqtirardim.

–  BIRINChI qo`shig`ingiz?

–  1994 yil «Ko`kda go`zal oy» nomli qo`shiq, ilk bor efir orqali namoyish etilgan. 

–  BIRINChI intervyu?

–  (o`ylanib) 1990-1996 yilgacha «Xo`ja» guruhida ikkinchi xonanda bo`lib faolit yuritganman. Shunda «Salom, yoshlar!» ko`rsatuvida ilk bor intervyu berganmiz. Shaxsan o`zim bilan esa «O`ynamaysiz» qo`shig`imdan keyin bo`lgan.

–  Rafiqangizga BIRINChI bor sevgi izhor qilganingiz?

–  To`ydan avval, birinchi uchrashuvimizning o`zidayoq aytganman. 

–  To`ng`ich farazndimning BIRINChI so`zi?

–  Eslolmadim, Nilufardan so`raylik. 

–  Nilufar Ibragimova: Madinaxonning birinchi so`zi Opa bo`lgan.

–  Har tong uyqudan uyg`onib bajaradigan BIRINChI ishingiz?

–  har tong bugun beshta yaxshilik qilishim kerak, deb niyat qilaman. 

–  Ayni dam yodingizga tushgan BIRINChI so`z? O`ylamay javob bering.

–  Ishga ketishim kerak! Shu xayolimga keldi. 

—  Muhabbatni nimaga qiyoslaysiz?

—  Daraxtga qiyoslayman. Uni shunday parvarishlash kerakki, chinordek mustahkam bo`lsin. Sizdan keyin nabira, evara-chevaralar bobo-buvim shunday yashagan deb havas qilishsin.

Bu xonadondan iliq taassurotlar bilan qaytdik. Er-xotinning munosabatlariga havasingiz  kelishi rost. Ko`z tegmasin! Bu kabi oilalar yurtimizda ko`plab bo`lishini istab qolamiz. 

Dildora YuSUFBEKOVA tayyorladi.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
Er-xotin 5 bosh qo`y o`g`irlab qo`lga tushdi

03.12.2019, 10:59

 Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi fuqaro H.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, 29 noyabrga o`tar kechasi o`ziga tegishli «Gulobod» mahalla fuqarolar yig`ini...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1