Ijtimoiy tarmoqda quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga o`rnatish monopoliyaga aylanib qolgani haqida turli xil xabarlar paydo bo`ldi.
Energetika vazirligi mazkur masala yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, O`zbekistondda kichik quvvatli quyosh fotoelektr tizimlarini o`rnatish davlat tomonidan emas, tadbirkorlik sub`ektlari (xususiy korxonalar) tarafidan amalga oshiriladi. Bugungi kunda respublikada quyosh fotoelektr tizimlarini va quyosh suv isitish qurilmalarini o`rnatish hamda ularga servis xizmati ko`rsatish bilan shug`ullanuvchi 100 dan ziyod tadbirkorlik sub`ektlari mavjud.
Ular mamlakatimizdagi qaysidir katta kompaniyalar bilan bog`lanmagan, biri-biridan mustaqil, raqobatga kirishgan holda faoliyat yuritadi. Xorijdan quyosh fotoelektr tizimlarini to`g`ridan-to`g`ri xarid qilish, mamlakat hududiga olib kirish, xaridorlarga etkazib hamda o`rnatib berish, shuningdek, ularga servis xizmatlari ko`rsatishda ham hech bir tadbirkorlik sub`ektiga cheklov qo`yilmagan.
Ya`ni aholi vakillari, tadbirkorlar o`zlari istagan tadbirkorlik sub`ekti bilan shartnoma imzolab, o`z hududiga quyosh fotoelektr tizimlarini o`rnatishi mumkin.
Bunda hech qanday majburlashlarga va xarid qilishda qiyinchiliklar tug`diradigan (qimmat narx, foizlarni oshirish kabi) holatlarga mutlaqo yo`l qo`yilmaydi.
2023 yilda “Yashil energiya” MChJ tomonidan ijtimoiy soha ob`ektlari va davlat idoralari ehtiyojlari uchun umumiy quvvati 10 MVtlik quyosh fotoelektr stansiyalarini xarid qilish, o`rnatish va ularga texnik xizmatlarni ko`rsatish bo`yicha “Sun High Tech” (2 MVt), “Eleve Fast Servise” (2 MVt), “Humo Solar” (2 MVt), “Ogma Projests” (2 MVt), «O`zbekenergota`mir» (2 MVt) kompaniyalari bilan jami 93 mlrd so`m (8,08 mln dollar) qiymatda shartnomalar imzolandi.
Shuningdek, quyosh panellarini xarid qilish bo`yicha “Tongvei Solar (Hefei) So., Ltd” va ular uchun On-Grid invertorlarini xarid qilish bo`yicha “Huavei International So. Ltd” kompaniyalari bilan umumiy quvvati 300 MVtga teng quyosh panellari va invertorlari etkazib kelinishi bo`yicha shartnomalar imzolandi.
Ta`kidlash o`rinliki, agar joriy yil boshida 1 kVt quvvatga teng quyosh panelini o`rnatish narxi 11,5 mln so`mga to`g`ri kelgan bo`lsa, bu raqam bugungi kunda 8,5 mln so`mdan iborat bo`lyapti. Shuning o`ziyoq sohada raqobatning mavjudligini va tadbirkorlar mijoz uchun tannarxni pasaytirishdan, ularga qo`shimcha imtiyozlar yaratib berishdan manfaatdorligini isbotlaydi, deyiladi vazirlik Axborot xizmati xaarida.