O`zbekiston Ichki ishlar vazirligi ikki blogerni qidiruvga berdi. Ularning ism-shariflari Ichki ishlar vazirligi saytining tegishli bo`limida e`lon qilingan.
Birinchisi, Sanjar Xo’ja taxallusi bilan tanilgan Sanjar Ikromov. U siyosat, iqtisod va psixologiya mavzularida yozadi va gapiradi. Hozirda Turkiyada yashaydi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko`p miqdordagi firibgarlik / BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo`yicha ayblov e`lon qilingan.
Ikkinchi qidiruvdagi bloger — Sherali Komilov. U asosan ijtimoiy mavzularni ko`tarib chiqadi. Uning ko`plab postlarida diniy bloger Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy) tanqid qilinadi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-modda 3-qismi «b» bandi (firibgarlik o`ta xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa, — BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) hamda 140-moddasi 3-qismining «a» bandi (haqorat qilish jabrlanuvchini o`z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog`liq holda / BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi) bo`yicha ayblov e`lon qilingan.