“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha hududlarda ko`kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga etkazish bo`yicha katta dastur qabul qilingan. Buning uchun:
- har bir viloyat bahor va kuz mavsumida 15 million tup daraxt ko`chatlari ekishi;
- barcha shaharlar atrofida “yashil belbog`”lar tashkil qilish zarur.
Lekin ayrim rahbarlar bu ishlarni o`z holiga tashlab qo`ygani tanqid qilindi. Masalan, ko`chatlar sug`orish tizimi yo`q hududlarga ekilgani sabab 10 million nihol nobud bo`lgan. Daraxt ko`chatlarini yo`llar bo`yida ekish ishlari 33 ta tuman va shaharda umuman bajarilmagan.
Davltimiz rahbari o`z hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, aholiga qulay yashash va toza havo muhitini yaratish endilikda hokimlarning eng asosiy vazifalaridan biri bo`lishini ta`kidladi.
Barcha tizim va hudud rahbarlariga mahallalar, aholi punktlari, ko`p qavatli bino, hovlilarni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish bo`yicha targ`ibot ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Xalqimiz orasida oilada yangi farzand dunyoga kelganda, to`y, yubiley va tug`ilgan kun marosimlarida daraxt ekish kabi ezgu an`anamizni tiklash muhimligini qayd etildi.
Tegishli hududlar rahbarlariga qarovsiz qolgan 10 million tup daraxt o`rniga yana shuncha daraxt ko`chatini suv ta`minoti yaxshi bo`lgan hududlarga ekish topshirildi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari 15 avgustga qadar daraxt ko`chatlari zaxirasini yaratib, ularni ekish bo`yicha hududiy dasturlarni tasdiqlaydi.
Bundan buyon ko`chat ekish tadbirlari har yili tasdiqlanadigan investisiya dasturi asosida amalga oshirilishi belgilandi. Bu maqsadlar uchun har yili avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko`p - 500 milliard so`m yo`naltiriladi.
Shuningdek, o`rmon xo`jaliklarining 1,5 ming gektar er maydonlarida kasanachilik asosida ko`chat etishtirish yo`lga qo`yiladi. Bu orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi ta`minlanib, har bir ko`chatni kafolatli sotib olish tizimi yaratiladi.
11.08.2023 14:54
Shavkat Mirziyoev: daraxt ko`chatlarini yo`llar bo`yida ekish ishlari 33 ta tuman va shaharda umuman bajarilmagan






