AsosiyJamiyat

1 mingta issiqxonaning 2,2 trillion so`mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladigan bo`ldi

'1 mingta issiqxonaning 2,2 trillion so`mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladigan bo`ldi'ning rasmi

So`nggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga ko`payib, 5,2 ming gektarga etdi, ularda etishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko`paydi. Muhimi, issiqxonalar 150 ming aholini yuqori daromadli ish bilan band qilmoqda.

- Shu bilan birga, qishdagi qattiq sovuqdan eng ko`p zarar ko`rganlardan biri bu – issiqxonachilar. Ularning barcha muammolaridan xabarim bor, - dedi Prezidentimiz.

Bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo`jaliklari o`rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi. Bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilg`i mahsulotlarini (ko`mir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz etkazib berish kafolatini beradi, issiqxonalar esa etkazib berilgan yoqilg`i uchun to`liq hisob-kitob qilish, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish, ularni ichki bozorga va eksportga chiqarish bo`yicha majburiyat oladi.

Ixtiyoriy ravishda ko`mir yoqilg`isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag`batlantirish paketi joriy qilinadi.

Jumladan, issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablag` uchun 14 foizli kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi.

Tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag`larini to`ldirishga ham 650 milliard so`m kredit resurslari yo`naltiriladi. 

Issiqxonalarda serdaromad mahsulot etishtirishni ko`paytirish maqsadida chetdan olib kelinadigan gul tuganaklari, piyozboshlari va qalamchalari 2025 yilga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.

1 mingta issiqxonaning 2,2 trillion so`mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladi.

Jahonda energiya resurslarini tejash masalasining dolzarbligi tobora ortib bormoqda.

Shu bois yurtimizda “yashil energetika”ni rivojlantirish va iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish bo`yicha katta marralar olingan.

Energiya ta`minotidagi defisitni to`liq qoplash maqsadida aprel oyida har bir tuman va shaharda o`rganishlar o`tkazildi. Shu asosda 4,5 milliard kub metr gaz va 7,5 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish bo`yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, ko`p hudud va tarmoqlarda hali aytarli natija bo`lgani yo`q, rahbarlari esa “so`rov bo`lmayapti” deb, bu vazifalarni o`z holiga tashlab qo`ygan.

Xususan, Toshkent viloyati rejaga nisbatan 40 million kub metr, Toshkent shahri 19 million, Samarqand 13 million, Xorazm 3,5 million kub metr gazni ko`p iste`mol qilgan.

Elektr bo`yicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg`ona va Toshkent shahrining birorta tumani tejash rejasini bajarmagan.

Energetika kompleksi rahbarlari bu ishlarni pastda tizimli tashkil qila olmayotgani ko`rsatib o`tildi.

    Boshqa yangiliklar