Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tomonidan stajor-o`qituvchilarni ishga qabul qilish bo`yicha tegishli ko`rsatma ishlab chiqildi.
Unga ko`ra, ilk bor ishga qabul qilingan stajor-o`qituvchilardan ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo`lishi talab etiladi. Stajor-o`qituvchilarga ular kasbiy sertifikat olguniga qadar oliy ma`lumotli (toifasiz) o`qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo`llaniladi.
“O`qituvchi-stajor” bilan Mehnat kodeksining 104-moddasida muvofiq mehnat shartnomasiga kiritilishi shart bo`lgan holatlar, jumladan o`qituvchi-stajorlarning bir yil davomida kasbiy sertifikat olishi majburiyati ko`rsatilgan holda mehnat shartnomasi tuziladi.
Shu munosabat bilan, vazirlikning 2023-yil 9-avgustdagi tegishli xati bilan o`qituvchi-stajorlarni ishga qabul qilish jarayonini mazkur ko`rsatmalarga muvofiq amalga oshirish vazifalari yuklatildi.
Eslatib o`tamiz, Farmonga ko`ra, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga 2023-yil 1-noyabrga qadar umumiy o`rta ta`lim muassasalarida faoliyat yuritadigan pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash sinovlaridan o`tkazish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish hamda 2024-yil 1-yanvardan boshlab tizimni amaliyotga joriy etish topshirilgan.