AsosiyJamiyat

Toshkent-Doha yo`nalishida aviareyslar yo`lga qo`yiladi

'Toshkent-Doha yo`nalishida aviareyslar yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

Toshkent shahar hokimi v.b Shavkat Umurzoqov Qatarning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

O`zaro muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, logistika, turizm, qurilish, savdo va xizmat ko`rsatish sohalarida o`zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Shavkat Umurzoqov Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning yurtimizga oliy darajadagi tashrifi doirasida Samarqand shahrida imzolangan Toshkent va Doha shaharlari o`rtasida hamkorlik munosabatlarini o`rnatish bo`yicha Anglashuv memorandumi ijrosi yuzasidan yo`l xaritasini tayyorlash, Qatarning biznes delegasiyalarini Yangi Toshkent shahri loyihalarida ishtirok etishga taklif qilish, Qatarda O`zbekistonning ziyorat turizmi manzilgohlarini targ`ib qilish, Toshkent-Doha yo`nalishida aviareyslarni yo`lga qo`yish orqali o`zaro tashriflar va aloqalar kengayishini ta`minlash, shuningdek, Dohada Toshkent va Toshkentda Doha kunlarini, madaniyat tadbirlarini tashkil etishga qaratilgan ishlarni jadallashtirish borasida fikr bildirdi.

Hasan Hamza Hoshim samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, haqiqatdan ham Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O`zbekistonga tashrifi tarixiy tashrif bo`lgani, bunda 15 dan ortiq shartnomalar imzolangani va juda ko`p sohalarda o`zaro aloqalarni rivojlantirishda amaliy ishlar boshlab yuborilganligini bildirdi. Hamkorlikning istiqbollari katta ekanligini ta`kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirishdi.

    Boshqa yangiliklar