Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan “Panayev Farms” chorvachilik korxonasida joriy yildan boshlab immun suti va undan olinadigan mahsulotlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgani haqidi xabar bergan edik. Gap shundaki, bugungi kunda SARS-CoV-2, ya`ni o`tgan bir necha yillar davomida dunyoni larzaga keltirgan kasallik – koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari sotuvi yo`lga qo`yildi. Xo`sh, bu sut koronavirusga qarshi haqiqata samarali kurasha oladimi va albatta sigirlarni emlash g`oyasi qachon va qanday boshlandi. Darakchi.uz Tepur Panaev “Panayev Farms” fermer xo`jaligi rahbari Tepur Panaev bilan shu xususida suhbatlashdi.
"Bizning korxona asosan chorvachilik va sutni qayta ishlash bilan shug`ullanadi. Mahsulotlarimizni Pana Milk brendi ostida ishlab chiqaramiz",–deydi korxona rahbari.
Immun suti ishlab chiqarish qachondan boshlandi?
– Immunli sut yaratish bilan 2021 yildan beri shug`ullanib kelamiz. 2020 yil karantin tugagandan keyin shunaqa bir g`oya keldi. Avstriya mamlakatida Vena medisina universiteti bor. Shu universitetda ishlaydigan professorimiz bilan birgalikda ish olib bordik. Professori ilmiy tarafi bilan shug`ullandi, biz mahsulot etkazib berdik.
Tadqiqotlar boshida molga, echkiga o`zimizni o`zbek-xitoy vaksinasidan yuborib ko`rganmiz. Shulardan chiqqan sutni buzoqchaga berganimizda uning qonida antitella paydo bo`lganini ko`rdik. Shundan keyin ishni boshladik.
2021 yildan mollarni vaksinalashni boshladik. Professorimiz tadqiqotni Venada olib bordi. Vaksina qilingan mol tabiiy holatda buzoqchasiga kindik orqali immunitedni berolmaydi. Mol bolasiga birinchi og`iz suti bilan beradi. Bu og`iz suti 3-4 kun bo`ladi. Bunda 10-15 litr sut beradi. Bu molni parodiyasiga ham bog`liq. Bunda hech qanaqa bakteriyalar mikroblar kirolmaydi.
Immunli sutni eksport qilish rejasi ham bormi?
– Bugungi kunda mahsulotlarimiz Nukus shahrida sotilyapti. Shahardagi barcha yirik magazinlarga tarqatganmiz.
Aslida biz bu mahsulotni eksportga chiqarishni niyat qilgan edik. Hozirda Rossiya, Evropa mamlakatlari, Isroil kabi davlatlar bizdan so`rayapti. Ayni paytda hujjatli ishlar ketyapti. Shundan keyin eksport bilan shug`ullanish ham rejada bor.
Xavfsizligi klinik jihatdan isbotlanganmi?
– Hayvonlar va odamlarda o`tkazilgan klinik tadqiqotlar shuni ko`rsatdiki, og`iz orqali qabul qilingan immunoglobulinlar shilliq pardalarning ham nafas olish yo`llari, ham oshqozon-ichak traktining immunitetini yaxshilashi mumkin. Immunoglobulinlar o`pkada va virusli infeksiyalarda yallig`lanishning og`irligini va virus xavfini kamaytirishga yordam beradi.
Immun suti mutlaqo tabiiy mahsulotdir. Sut immunoglobulinlari ham bolalar, ham kattalarga yaxshi ta`sir qiladi. Insonda sut oqsillariga nisbatan murosasizlik va allergiyalar bo`lmasa, boshqa qo`llash mumkin bo`lmagan holatlar mavjud emas.
Immun sutini ichgandan keyin koronavirusga qarshi emlanmasa bo`ladimi?
– Immunitetli sut dori yoki parhez qo`shimchasi emas, balki funksional (terapevtik) oziqlanish toifasiga kiradi. Immunitet sutidan foydalanish orqali passiv immunizasiya yondashuvi emlashga muqobil emas. Mahsulot birinchi navbatda, immuniteti vaksinaga to`g`ri javob bera olmaydigan aholi guruhiga (keksalar, surunkali kasalliklarga chalinganlar, yuqori jismoniy va psixologik stress va boshqalar) mo`ljallangan.
Kelajakdagi rejalar qanday?
– Kelajakdagi rejalarimiz eksport bilan shug`ullanish. Hozirda shu masala ustida ishlayapmiz. Bundan tashqari ishlab chiqarish hajmini oshirmoqchimiz. Buning uchun bozorni o`rganyapmiz.
Karim ZARIPOV tayyorladi






