AsosiyJamiyat

Eriga ikkinchi xotin sovg`a qilgan insta-bloger homiladorligi sabab javobgarlikdan ozod qilindi

'Eriga ikkinchi xotin sovg`a qilgan insta-bloger homiladorligi sabab javobgarlikdan ozod qilindi'ning rasmi

Avvalroq, eriga ikkinchi xotin sovg`a qilib, qo`shxotinlikni targ`ib qilgan videosi uchun insta-bloger “Chechenka” uzr so`rab chiqqani haqida xabar qilgan edik.

Uning bu ishi uchun, MJtKning 201-1-moddasi (qonun hujjatlarini ijro etmaslik yoki buzishga ommaviy chaqiriq) bilan ish qo`zg`atilgan edi. 15 avgust kuni jinoyat ishlari bo`yicha Shayxontohur tuman sudi ushbu ishni ko`rib chiqdi.

Sud qarori bilan fuqaro G.A. ko`pxotinlilik O`zbekiston qonunchiligida taqiqlanganligini bila turib, bu haqda video tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqda tarqatgan va bu orqali qonun buzilishini targ`ib qilgan.

Sudda ayol video hazil tariqasida olinganini va qilgan ishidan afsusda ekanligini aytgan. Shuningdek, u qaramog`ida ikki nafar voyaga etmagan farzandi borligi va hozirda uchinchi farzandiga homilador ekanini hisobga olib, suddan jazoni engillashtirishni so`ragan.

Sud fuqaro G.A.ni MJtKning 201-1-moddada nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topdi. Biroq, uning qaramog`ida bo`lgan ikki nafar farzandi borligi va uchinchi farzandiga homiladorligi, shuningdek, u ilgari bunday huquqbuzarliklarga yo`l qo`ymaganligini hisobga olib, sud G.A.ga nisbatan MJtKning 21-moddasiga (huquqbuzarlikning ahamiyatsizligi sababli ma`muriy javobgarlikdan ozod qilish) asosan javobgarlikdan ozod etib, ogohlantirish bilan kifoyalandi.

Eslatib o`tamiz, agar sud jazoni engillashtirmaganida, fuqaro G.A.ga BHMning 60 baravaridan 80 baravarigacha (19,8 million so`mdan 26,4 million so`mgacha) jarima solinishi mumkin edi.

    Boshqa yangiliklar