AsosiyJamiyat

Sudga hamma ham kira oladimi? Sudni foto, audio yoki video tasvirga olish mumkinmi? Muhim 7 savolga 7 javob

'Sudga hamma ham kira oladimi? Sudni foto, audio yoki video tasvirga olish mumkinmi? Muhim 7 savolga 7 javob'ning rasmi

Sudga hamma ham kira oladimi? Sudni foto, audio yoki video tasvirga olish mumkinmi? Sud qachon yopiq tarzda ko`riladi? Ushbu maqolada shu va shu singari boshqa savollarga javob beriladi.

Sudga hamma ham kira oladimi?

Sud majlisi ishning toifasiga qarab, ochiq yoki yopiq tarzda ko`riladi.

Ochiq sud majlislarida barcha shaxslar, jumladan, jurnalistlar ham ishtirok etishi mumkin. OAVni qonunda yo`q asoslar bilan sudga kirishini cheklash taqiqlangan.

Prosess ishtirokchisi bo`lmagan voyaga etmaganlar ishtirokiga cheklov qo`yilishi mumkin.

Oliy sudning tushuntirishiga ko`ra, sud majlisini prosess ishtirokchisi bo`lmagan kishilar qatnashishini cheklaydigan binolarda o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi.

Oliy sud tushuntirishida bunday holat prosessual qonun buzilishi deb hisoblab, javobgarlikka sabab bo`lishini keltirsa-da, qonunchilikda hech qanday javobgarlik yo`q.

Sudni foto, audio yoki video tasvirga olish mumkinmi?

Quyidagi shart bilan sudni foto, audio, video tasvirga olish yoki OAVda translyasiya qilish mumkin:

  • fuqarolik ishini ko`rishda — sudyaning taraflar roziligi olingandan keyin bergan ruxsati bilan;
  • jinoyat, ma`muriy, iqtisodiy ishni va ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rishda — sudyaning taraflar fikrini eshitgandan keyin bergan ruxsati bilan.

Har qanday ish bo`yicha erkin tarzda qaydlar yozib olish, stenogramma yuritish, iqtisodiy yoki ma`muriy huquqiy ish ko`rilayotganda esa audioyozuv olib borish uchun hech qanday ruxsat talab etilmaydi.

Aytish lozimki, sudni foto, audio yoki video tasvirga olish maqsadini haqida sudga oldindan bildirish lozim. Chunki sudlarga kirishda telefon, noutbuk, diktafon yoki boshqa qurilmalarni olib kirishga nisbatan cheklov bo`lishi mumkin. Qonunchilikda sud binosiga gadjetlar bilan kirishga ruxsat berish yoki cheklash bo`yicha yagona tartib yo`q.

Sudya intervyu beroladimi?

Oliy sudning tushuntirishiga ko`ra, sudya sud hujjati kuchga kirgunga qadar ish bo`yicha intervyu berishga yoki OAVda chiqish qilishi mumkin emas.

Shuningdek, OAV biror ish bo`yicha sud natijasini bashorat qilishi yoki sudga boshqacha tarzda ta`sir etishi (bosim o`tkazishga) taqiqlangan.

Sud qachon yopiq tarzda ko`riladi?

Sud to`liq yoki qisman faqat qonunda nazarda tutilgan asoslarga ko`ra yopiq tarzda ko`rib chiqilishi mumkin. Xususan, quyidagilar:

– davlat sirini, tijorat sirini yoki qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni (masalan, bola asrab olish siri) saqlash;

– jinsiy jinoyatlar bilan bog`liq ishlar.

Jinoyat sudida ayrim turdagi ishlar faqat yopiq tarzda ko`riladi. Masalan, murdani eksgumasiya qilish, qamoqqa olish yoki uy qamog`i tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish va voyaga etmaganlar sodir etgan jinoyatlar bo`yicha ishlar.

Iqtisodiy va ma`muriy huquqiy ishlar asosan ochiq sud majlisida ko`riladi.

Suddan ishni yopiq tarzda ko`rishni so`rash mumkinmi?

Ish xususiyatiga ko`ra, ayrim turdagi ishlarni yopiq tarzda ko`rib chiqish mumkin.

Shu jumladan, jinoyat sudlarida 18 yoshga to`lmagan shaxslarning jinoyati, shaxsiy hayot, sha`n va qadr-qimmatni kamsituvchi ma`lumotlarni oshkor qilmaslik yoki prosess ishtirokchilari va ularning yaqin qarindoshlari xavfsizligini maqsadida ishlar yopiq ko`rib chiqilishi mumkin.

Shaxsiy xabar va yozishmalar ochiq sud majlisida faqat bu xat va xabarlarni jo`natgan hamda olgan shaxslarning roziligi bilan o`qib eshittirilishi mumkin. Agar ular rozilik bermasa, ish yopiq tarzda ko`riladi.

Fuqarolik ishlari taraflarning iltimosnomasi yoki sudning tashabbusi bilan asoslantirilgan ajrim chiqarilgan taqdirda sifatida shaxsiy hayot va qonun bilan qo`riqlanadigan sirlar (masalan, tibbiy sir, soliq siri, sug`urta siri, bank siri, vasiyatnoma siri va boshqalar) yopiq tarzda ko`rib chiqiladi.

Sudni yopiq tarzda ko`rish tartibi qanday?

Sud majlisi boshlanishidan oldin har bir holatda sudya ish qanday  tartibda ko`rib chiqilishini e`lon qilishi shart.

Sudya ishni yopiq tartibda ko`rib chiqishga qaror qilgan taqdirda ajrim chiqaradi va unda ishni ochiq tartibda ko`rib chiqishga (jumladan, OAV ishtirokiga) to`sqinlik qiluvchi holatlarni aniq ko`rsatadi. Bu ma`lumotlar hamma uchun ochiq bo`lishi kerak.

Sudning ishni yopiq tartibda ko`rish bo`yicha ajrimi chiqqunigaga sud zalidan hech kim chiqarilib yuborilishi mumkin emas.

Agar sud majlisi davomida ishni yopiq tartibda yopiq tartibda ko`rib chiqishga qaror qilinsa, ajrim e`lon qilingandan keyin prosess ishtirokchisi bo`lmagan kishilar, jumladan, OAV sud zalidan chiqariladi.

Yopiq sud ishlari videokonferensaloqa rejimida o`tkazilmaydi, audio va videoyozuvga olinmaydi.

Yopiq tarzda ko`rilgan sud hujjatlari e`lon qilinadimi?

Sud hukmlari, ajrimlari va qarorlari barcha hollarda oshkora e`lon qilinadi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari taraflarning roziligi bilan yoki shaxsini ko`rsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida e`lon qilinishi mumkin. Biroq, sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari maxsus portalga joylashtirilmaydi.

Murodjon Najmiddinov.

    Boshqa yangiliklar