AsosiyJamiyat

Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o`sishni ta`minlay olmaymiz — Prezident

'Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o`sishni ta`minlay olmaymiz — Prezident'ning rasmi

O`rta korxonalar faoliyatini kengaytirishi uchun ularga yangi investor va brendlarni jalb qilishga ko`maklashish zarur. Shu bois, agar korxona xorijiy brend va investor bilan kelishuvga erishsa, unga yangi tashkil qilingan Sanoat jamg`armasi 25 foizigacha kapitaliga sarmoya bilan kirishi mumkin bo`ladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirkorlik jamg`armasi iqtisodiyotning yana bir drayveri bo`lgan xizmatlar sohasiga mas`ul bo`ladi. Jamg`armaga salohiyatli o`rta biznes korxonalariga ulushdor bo`lib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda jamg`armaga qo`shimcha 25 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar ajratiladi.

Shu bilan birga jamg`arma tomonidan o`rta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi.

Jamg`arma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi. Endi mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilg`i shoxobchasi, kemping kabi ob`ektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.

Shuningdek, jamg`arma tadbirkorlarga xizmat ko`rsatish ob`ekti uchun er sotib olish, bino-inshootlar qurish va aylanma mablag`i uchun ham resurs ajratadi.

Bu ikkita yangi tizim 1 oktyabrdan to`laqonli ishga tushiriladi va kelgusi bir yilda o`rta biznesda sanoat sohasida 2 mingta va xizmatlarda 10 mingta yangi loyihalar moliyalashtiriladi.

Ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan qo`shimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar ko`rsatish, 5 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish, 350 ming yangi ish o`rinlarini tashkil qilish mumkin bo`ladi.

Prezident yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish masalasiga to`xtaldi.

Bir narsani to`g`ri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o`sishni ta`minlay olmaymiz.

Bizning “neftimiz” ham, “gazimiz” ham bu – siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xom ashyoddan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir”, - dedi davlatimiz rahbari.

Mahsulotlar tashqi bozorlarda sifatli, talabgorligi yuqori va raqobatbardosh bo`lishi uchun ishlab chiqarishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, keskin o`sish qilish zarurligi ta`kidlandi.

Xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3-4 baravar oshib ketganini hisobga olib, davlat eksportchi korxonalarni qo`llab-quvvatlashni izchil davom ettiradi. Ular uchun moliyaviy imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.

Logistika xarajatlarini kompensasiya qilishga qo`shimcha 100 million dollar yo`naltiriladi. Shuningdek, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 million dollar ajratiladi.

“Yangi O`zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi joriy yilda ham davom ettiriladi va dastur bilan qamrab olinadigan korxonalar soni 500 taga etkaziladi. Ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar davom ettiriladi.
 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar