AsosiyJamiyat

Tibbiyot yo`nalishi bo`yicha bir guruh tadbirkorlar “Sog`liqni saqlash a`lochisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi

'Tibbiyot yo`nalishi bo`yicha bir guruh tadbirkorlar “Sog`liqni saqlash a`lochisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi'ning rasmi

Ma`lumki, 2021 yil 20 avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklida ilk uchrashuv o`tkazgan edi. 

Shundan buyon Prezidentning ishbilarmon doiralar vakillari bilan bunday ochiq muloqot o`tkazishi an`anaga aylanib, ushbu sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Kuni kecha poytaxtimizdagi Xalqaro kongresc markazida bo`lib o`tgan navbatdagi ochiq muloqotda ham davlatimiz rahbari azmu shijoatli va fidoyi tadbirkorlarning mehnatini e`tirof etib, ular O`zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish, ish o`rinlari yaratish, kambag`allikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga ulkan hissa qo`shayotgan katta kuch-qudrat ekanligini ta`kidladi.

Sana munosabati bilan sog`liqni saqlash tizimida ishbilarmonlarga yaratilgan sharoitlar, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar, shuningdek sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish masalalarini atroflicha muhokama qilish maqsadida bugun Sog`liqni saqlash vazirligida tibbiyot yo`nalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi. 

Unda yurtimizning barcha hududlaridan kelgan 200 nafardan ortiq ishbilarmonlar bilan birga, vazirlik markaziy apparati xodimlari, ixtisoslashtirilgan markazlar, respublika davolash muassasalari rahbarlari, shuningdek joylardagi studiyalardan barcha hududiy boshqarmalar hamda tuman tibbiyot birlashmalari mas`ullari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida sog`liqni saqlash mas`ullari yig`ilganlarni bayram bilan qutlab, mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tibbiyot tizimida ham xususiy sektorning o`rni tobora mustahkamlanib borayotganini ta`kidladi. 

Xususan, bugungi kunda yurtimizda jami 8300 ta nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Xususiy sektorda 17 ming nafardan ortiq shifokor, 26 ming nafardan ortiq o`rta tibbiyot xodimi mehnat qilyapti.

Yurtimizda xususiy tibbiyot tashkilotlarining soni har yili o`rtacha 600-700 taga ortib bormoqda. Jumladan, Toshkent shahrida bunday shifoxonalarning soni 1700 tadan, Andijonda 750 tadan, Samaraqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida esa 650 tadan oshdi. Ular tomonidan 200 tadan ortiq ixtisosliklar bo`yicha 2250 turdan ziyod tibbiy xizmatlar ko`rsatib kelinmoqda.

Ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish maqsadida davlat funksiyalarini maqbullashtirish orqali davlat organlari va tashkilotlarining funksiya va vazifalarini tadbirkorlik sub`ektlariga davlat-xususiy sheriklik asosida va boshqa shakllarda taqdim etilishi ham ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Jumladan, bugungi kunda sog`liqni saqlash tizimida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yurtimizning turli hududlarida jami 57 ta loyiha amalga oshirilyapti.

Uchrashuvda tadbikorlarning bemorlarga stasionar va ambulator sharoitda tibbiy xizmat ko`rsatish, ularni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlash, bunday shifo maskanlariga tibbiy jihozlarni etkazib berish masalalari bo`yicha taklif va muammolari tinglandi.

Shuningdek, vazirlik mas`ullari sog`liqni saqlash tizimini korrupsiyadan holi sohaga aylantirish maqsadida ishbilarmonlarni bir yoqadan bosh chiqarib, ushbu illatga qarshi hamjihatlikda kurashishga chaqirdi.

Tadbir doirasida mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo`shib kelayotgan bir guruh tadbikorlar “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash a`lochisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandi.

    Boshqa yangiliklar