Aksariyat kishilar yuqori qon bosimini salomatlik uchun xavfli deb hisoblaydi. Bu to`g`ri. Biroq hamma ham qon bosimining tushishiga e`tibor beravermaydi. Shifokorga bormay, qahva bilan bu balansni to`g`rilashga harakat qiladi.
Xo`sh, bu qanchalik to`g`ri? Qon bosimining pastligi salomatlik uchun xavfsizmi yoki uni davolash kerakmi?
Ushbu savollarga SSV Matbuot xizmati tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla Toshpo`latov javob oldi.
— Gipotoniya, ya`ni qon bosimining pastligi markaziy asab tizimi faoliyatida tomir tonusi va nevrogormonal tartibning buzilishi oqibatida kelib chiqadi, — deydi mutaxassis. — U surunkali (qon bosimining uzoq vaqt pasayishi), o`tkir (boshqa bir kasallik belgisi sifatida) yoki simptomatik (bemorda qon bosimining asta-sekin pasayishi) va bir martalik pasayish kabi turlarga bo`linadi.
Odatda qon bosimi ikkita ko`rsatkich bilan ifodalanadi. Birinchisi, sistolik bosim, ya`ni sistol paytda tomirlarda hosil bo`ladigan bosim (yurakning qisqarishi). Ikkinchisi, diastolik bosim, ya`ni diastol paytda tomirlardagi bosim (yurakning bo`shashishi).
LogSistolik bosim doim diastolikdan yuqori bo`ladi. Yurak-tomir tizimining tonusi (tarangligi) pasayganda tanada qon bosimi ham tushadi. Tonometr yordamida o`lchanganda, yuqori (sistolik) raqam 100 mm. simob ustuni, pastki (diastolik) esa 60 mm. simob ustunidan past bo`lgan taqdirda bemorga gipotoniya tashxisi qo`yiladi. Bu ko`rsatkich kichik va o`smir yoshdagi bolalarda 85-60 mm. simob ustuni, 30 yoshdan oshgan insonlarda esa 105-65 mm. simob ustunini tashkil qiladi.
Ushbu xastalikning kelib chiqishiga, eng avvalo, ichki qon ketishlar, miokard infarkti, kamqonlik, bosh va orqa miya jarohatlari, yurak etishmovchiligi, surunkali uyqusizlik sabab bo`ladi.
Shuningdek, stress, nevroz, psixologik jarohatlar, ruhiy tushkunlik, buyrak usti va osti bezlari faoliyati buzilishi, gormonal o`zgarishlar, bosh miya ichki bosimining pasayishi, homiladorlik, oddiy suvsizlanish ham qon bosimining pasayishiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, past qon bosimi insonning o`ziga xos xususiyati ham bo`lishi mumkin. Shu bois bunday kishilar o`zlarini yomon his etishmaydi va ularga dori-darmonning hojati yo`q.
Qon bosimi pasayganda miyaga kislorod va ozuqa moddalari etarli darajada etib bormaydi. Oqibatda insonda bosh aylanishi, uyquchanlik, umumiy holsizlik, bosh og`rig`i, diqqatni jamlay olmaslik, ish qobiliyatining susayishi, ko`ngil aynishi, junjikish, terlash, ko`z oldining qorong`ulashishi, jizzakilik kuzatiladi. Kasallik odatda surunkali kechib, ayniqsa, qaytalanib turadi.
Qon bosimining normal yoki keskin pasayishini (masalan qon yo`qotish, suvsizlanish, yurak kasalliklari yoki anafilaktik shok sababli) tana a`zolari jiddiy his etadi va buning oqibatida buyrak etishmovchiligi, ongning buzilishi va koma holati ro`y berishi mumkin.
Agar bemorda ongning xiralashuvi, tanani sovuq, yopishqoq ter qoplashi, terining oqarishi kuzatilsa va u tez-tez va yuzaki nafas olsa, puls tezlashuvi va kuchsizligi kabi klinik belgilar aniqlansa, bu – inson hayoti uchun xavfli bo`lgan ichki a`zolar va bosh miya gipoksiyasiga olib keluvchi o`tkir arterial gipotoniya belgilari hisoblanadi.
Shu bois bu holatda darhol shifokorga murojaat qilish lozim.






