Shu yilning 16 iyul kuni Farg`onada 31 yoshli ayol 4 nafar erkak tomonidan zo`rlangani hamda ayol bu erkaklarga hech kim chora ko`rmayotganligini aytib, videomurojaat yo`llagani haqida xabar bergan edik.
Joriy yil 17 avgust kuni jinoyat ishlari bo`yicha Beshariq tuman sudida sudlanuvchilar 1995 yilda tug`ilgan, muqaddam sudlangan M.Y. 1999 yilda Farg`ona viloyatida tug`ilgan D.Y. 1984 yilda tug`ilgan A.S. hamda 1989 yilda tug`ilgan S.S.larga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha yopiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e`lon qilindi, deya xabar bermoqda Farg`ona viloyati sudlari Matbuot xizmati.
Sud hukmiga ko`ra M.Y. JKning 118-moddasi (nomusga tegish) 2-qismi “v” bandi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo`rlik ishlatib g`ayritabiiy usulda qondirish) 1-qismi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
D.Y. va A.S. JKning 118-moddasi 2-qismi “v” bandi va 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, ularning har biriga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
S.S. JKning 118-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topildi va unga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Farg`ona viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma`lum qilindi.






