Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo`lgan abiturientlardan apellyasiya arizalarini qabul qilish boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, apellyasiya arizalari abiturientning shaxsiy kabinetida onlayn tarzda qabul qilinadi va bu jarayon 31 avgustga qadar (10 kun) davom etadi.
Apellyasiya shikoyatlarini ko`rib chiqish esa joriy yilning 24 avgustidan boshlanadi.
Abiturient apellyasiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo`lishi lozim. Apellyasiya arizasini bergan abiturientga uni ko`rib chiqish sanasi va vaqti ko`rsatilgan xabarnoma beriladi.
Abiturient xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abiturient ruxsatnomasi bilan Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelishi kerak.






