AsosiyJamiyat

Bosh prokuratura "charjbek" naqdsiz hisob-kitob tizimida yangi firibgarlik vositasi ekanini ma`lum qildi

'Bosh prokuratura "charjbek" naqdsiz hisob-kitob tizimida yangi firibgarlik vositasi ekanini ma`lum qildi'ning rasmi

Boshqa shaxsning bank kartasiga tovar xarid qilib, keyinchalik, kartaning haqiqiy egasi e`tiroziga ko`ra to`lovlar bank tomonidan bekor qilinmoqda.

Bosh prokuraturaning ma`lum qilishicha, bu jinoiy sxema O`zbekistonda allaqachon keng tarqalib, bir qator tadbirkorlik sub`ektlari bunday noqonuniy xatti-harakatlardan jabr ko`rmoqda. 

"Charjbek" – bu karta egasi tomonidan xizmat ko`rsatuvchi bank orqali bank karta operasiyasiga e`tiroz bildirish va bekor qilish tartibi. Dastlabki himoya funksiyasiga qaramay, "charjbek" mexanizmi noto`g`ri daromad ko`rish uchun tobora ko`proq foydalanilmoqda.

Masalan, mijoz internet-do`kondan 8 million so`mlik noutbukni boshqa shaxsning bank kartasi orqali onlayn to`lov bilan xarid qiladi. Bir muddat vaqt o`tgach, bu kartaning qonuniy egasi bunday operasiyani amalga oshirmagani sababli xizmat ko`rsatuvchi bankka to`lovni qaytarishni (charjbek) talab qiladi.

Bank bu mablag`ni tovar sotuvchisi hisobidan chiqarib, mijozga 8 million so`m qaytaradi. Sotuvchi xarid ma`lum bir to`lovchi tomonidan amalga oshirilganini isbotlay olmaydi, chunki u mijoz shaxsiga aniqlik kiritish uchun qo`shimcha choralar ko`rmagan.

Bunday holatlarda tegishli choralar ko`rilmagani, "charjbek" mexanizmidan noto`g`ri foydalanish oqibatida kompaniyalar zarar ko`rmoqda. 

Qayd qilinishicha, ayni paytda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan charjbek firibgarligini tekshirish va oldini olishning aniq uslubi ishlab chiqilmagan. 

Banklarda ham ushbu mexanizm bilan bog`liq holatlarni aniqlash va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha hozircha maxsus tartiblar mavjud emas. Biznesga oid yo`qotishlarni kamaytirish uchun ushbu masalalar doirasida qo`shimcha ishlar qilinishi zarurligi ta`kidlanmoqda. 

O`zbekiston Markaziy banki ma`lumotlariga ko`ra, 2022 yilda chakana to`lovlarning umumiy hajmida to`lov kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan operasiyalar ulushi 65 foizga etdi. Bu bilvosita "charjbek" potensial xavflarining ortib borayotganidan dalolat beradi. 

Oddiy firibgarlik sxemasidan farqli o`laroq, "charjbek" tartibi to`lovni qabul qilib oluvchining aybini isbotlashni talab qilmaydi. Mijoz tomonidan olingan tovar/xizmatlarning yo`qligi yoki kompaniya firibgarlikda gumon qilinganligi haqidagi shikoyatning o`zi etarli. Isbotlash majburiyati tadbirkor zimmasiga tushadi, bu masofaviy savdo sharoitida qiyin, ayniqsa mijoz boshqa davlat fuqarosi bo`lsa.

Sud amaliyotining tahlili "charjbek"dan noto`g`ri foydalanish sxemalarini ko`rsatmoqda: keyinchalik qaytarib berish sharti bilan tovarlarni haqiqatda qaytarib bermasdan sotib olish; o`g`irlangan, deb e`lon qilingan karta orqali to`lov qilish, qonuniy egasi tomonidan charjbek maqsadida boshqa fuqaroning kartasidan foydalanish; etkazib berish orqali xarid qilish, lekin go`yoki qabul qilinmadi, degan vaj orqali charjbek operasiyasini amalga oshirish.

Qabul qilingan mablag`larning qonuniyligini isbotlash vaqt va moliyaviy xarajat talab qiladi. To`g`ridan-to`g`ri yo`qotishdan tashqari, bitimlar bo`yicha tez-tez e`tirozlar kelib tushishi oqibatida kompaniyalar o`z obro`siga putur etkazadi va jarima to`lashga olib keladi.

"Charjbek" xavfini minimallashtirish uchun mutaxassislar quyidagilarni tavsiya qiladi: birinchidan, to`lovni amalga oshiruvchi shaxsini to`liq tekshirish; ikkinchidan, xaridor va sotish parametrlari haqidagi ma`lumotlarni yozib olish.

    Boshqa yangiliklar