2024−2025 o`quv yilidan IIV Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (polisiya) kadrlari o`qitiladi. Ular muassasaga imtihonlarsiz qabul qilinadi. Kvotalarni prezident belgilaydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Bu to`g`risida Shavkat Mirziyoev 18 avgust kuni "O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (polisiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish to`g`risida"gi qarorni qabul qildi.
Hujjatga ko`ra, 2024−2025 o`quv yilidan IIV Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (polisiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yo`lga qo`yiladi. Akademiyada Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti tashkil etiladi.
Qaror bilan bu bo`yicha nizom tasdiqlandi. Nizomga muvofiq, Akademiyada xorijiy kadrlarga ta`lim berish ikki va ko`p tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Muassasada xorijiy kadrlar uchun yillik qabul kvotalari prezident tomonidan belgilanadi. Xorijiy davlatlar kesimidagi har yilgi kvota, mutaxassislik va o`qitish turi bo`yicha taqsimot vazirlik tomonidan Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
Akademiyaga xorijiy kadrlar kirish imtihonlarisiz o`qishga qabul qilinadi. Xorijiy kadrlarga o`zbek, rus va ingliz tillarida ta`lim beriladi.
Xorijiy kadrlarni tayyorlash bakalavriat, magistratura va oliy ta`limdan keyingi ta`lim dasturlari bo`yicha kunduzgi ta`lim shaklida, qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari bo`yicha kunduzgi va masofaviy shakllarda amalga oshiriladi.
- Bakalavriat ta`lim dasturlarini o`zlashtirgan xorijiy kadrlarga mutaxassisligi bo`yicha malaka, belgilangan davlat namunasidagi diplom va ko`krak nishoni beriladi.
- Magistratura ta`lim dasturlarini o`zlashtirgan xorijiy kadrlarga tegishli magistr darajasi hamda belgilangan davlat namunasidagi diplom va ko`krak nishonlari beriladi.
- Tayanch doktorantura dasturini o`zlashtirgan va belgilangan tartibda dissertasiya himoya qilgan xorijiy kadrlarga tegishli fanlar bo`yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi beriladi.
- Qisqa muddatli kurslarni tamomlagan xorijiy kadrlarga belgilangan namunadagi guvohnomalar (sertifikatlar) beriladi.
Shuningdek, o`qishga qabul qilingan vaqtda ofiserlik unvoniga ega bo`lmagan, bepul asosda ta`lim oluvchi xorijiy kadrlarga «Akademiya kursanti» lavozimi bo`yicha pul ta`minoti beriladi.
Ofiserlik unvoniga ega bo`lgan, bepul asosda ta`lim oluvchi xorijiy kadrlarga, ta`lim olish muddati va kursidan qat`i nazar:
- magistratura ta`lim darajasiga muvofiq keluvchi ta`lim dasturi va doktorantura dasturi bo`yicha — katta inspektor lavozimi va unga tenglashtirilgan lavozimlar bo`yicha lavozim maoshi;
- qo`shimcha kasbiy tayyorgarlik (qayta tayyorlash va malaka oshirish) dasturlarida — inspektor lavozimi va unga tenglashtirilgan lavozimlar bo`yicha lavozim maoshi to`lanadi.