AsosiyJamiyat

BMTda O`zbekistonning yangi vakili ish boshladi

'BMTda O`zbekistonning yangi vakili ish boshladi'ning rasmi

Kecha, 22 avgust kuni Nyu-Yorkda O`zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi yangi doimiy vakili Ulug`bek Lapasov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. 

Uchrashuvda Antoniu Guterrish O`zbekistonning Markaziy Osiyoda do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo`shgan salmoqli hissasi alohida qayd etilgan.

Shuningdek, tomonlar O`zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, BMT orqali bo`lajak oliy darajadagi qo`shma tadbirlar jadvalini muhokama qilgan.

Ma`lumot uchun, Ulug`bek Lapasov 1982 yilning 14 oktyabrida Samarqand shahrida tug`ilgan. 2000 - 2005 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavriat bosqichini, 2005 - 2006 yillarda Fransiyadagi Jean Moulin Lyon 3 universitetining magistraturasini tamomlagan. 2018 yildan O`zbekiston Respublikasining Birlashgan millatlar tashkiloti Jenevadagi bo`limi va boshqa xalqaro tuzilmalardagi doimiy vakili, 2022 yildan BMTning inson huquqlari kengashi vise-prezidenti bo`lib ishlagan.

Ulug`bek Lapasov Nyu-Yorkda 2017 yil may oyida O`zbekistonning BMTdagi (Nyu-York) doimiy vakili etib tayinlangan Baxtiyor Ibrohimov o`rnini egalladi. 2019 yilning iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida O`zbekiston birinchi marta navbatdagi sessiya raisi o`rinbosari etib saylangan. Baxtiyor Ibrohimov 2019 yil sentyabrdan 2020 yil sentyabrgacha shu vazifani bajargan.

    Boshqa yangiliklar