O`zbekistonda “yoshlar daftari”ga kiritilgan talabalarning 16,5 million so`mgacha bo`lgan to`lov-kontrakt pullari to`lab beriladi. Bu haqda bugun AOKAda o`lib o`tgan Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda Bilimni baholash agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida ma`lum qilindi. Shuningdek bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 6 iyundagi 312-sonli qarorida belgilangan.
Unga ko`ra, quyidagi toifalarga to`lab berilishi nazarda tutilgan:
- “temir daftar”ga kiritilgan oila farzandi;
- “ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar farzandi;
- Ijtimoiy himoya yagona reestri ATga kiritilgan oilaning professional yoki OTM da ta`lim olayotgan farzandi;
- Mehribonlik uyi yoki Bolalar shaharchasida tarbiyalangan o`quvchi-talaba;
- ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan, vasiylikka olingan kam ta`minlagan o`quvchi-talaba;
- oila a`zolarining kamida bittasi I guruh yoki har ikkisi II guruh nogironligi bo`lgan kam ta`minlagan oilaning professional yoki OTMda ta`lim olayotgan farzandi;
- nogironligi yoki salomatligida nuqsoni bo`lgan o`quvchi-talaba;
- oilasi kam ta`minlangan talabaga.
Respublikadagi professional ta`lim tashkilotlarida ta`lim olayotgan, shuningdek, O`zbekistonda faoliyat olib borayotgan davlat, nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari va xorijiy oliy ta`lim tashkilotlarining filiallarida:
- bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida;
- magistraturaning kunduzgi yo`nalishida ta`lim olayotgan talabalarga to`lov-kontrakt asosida o`qish bo`yicha yillik xarajatlarining bir qismi to`lab beriladi.
Ushbu xarajatlarni to`lab berish yoshlar etakchisining ijobiy tavsiyasi asosida to`lov-kontraktining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravari (16 million 500 ming so`m)dan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi.
To`lov-kontrakt xarajatlarining bir qismini qoplab berish quyidagi toifalarlarga amal qilmaydi:
- ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik;
- qo`shma ta`lim dasturlari;
- tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida ta`lim olayotganlarga nisbatan tatbiq.
Talabalar to`lov-kontrakt xarajatlarining bir qismini to`lab berishni so`rab Vasiylik kengashiga to`lov-kontrakt asosida o`qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) nusxasini taqdim etishi lozim. Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar etakchisiga ko`rib chiqish uchun yuboradi.
Mahalladagi yoshlar etakchisi besh ish kuni ichida to`lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish to`g`risidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda to`lov-kontrakt xarajatlarini qoplashni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.
Agar mahalladagi yoshlar etakchisi murojaatni unga tushgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ko`rib chiqmasa yoki subsidiya ajratishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq bo`lganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo`ladi.
Murojaatni o`rganish natijalari bo`yicha Vasiylik kengashi tomonidan to`lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqida qaror qabul qilingandan so`ng uch ish kuni ichida belgilangan miqdordagi to`lov-kontrakt mablag`lari professional ta`lim yoki oliy ta`lim tashkilotining hisob raqamiga o`tkazib beriladi.