Shu kunlarda tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan o`rnatilgan yo`l qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralardagi kamchiliklar hamda noinsof tadbirkorlik faoliyati haqidagi gumonlar jamoatchilikni tashvishlantirmoqda.
"Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov IIV Yo`l harakati xavfsizligi xizmatiga bir qancha takliflar bilan chiqdi.
Xususan:
- Birinchidan, mazkur tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgan barcha sub`ektlarning so`nggi haftalardagi qaydnomalarini taftish qilish va huquqiy baho berish choralarini ko`rish;
- ikkinchidan, taftish natijasida noinsof tadbirkorlik yo`li bilan undirilgan jarimalar aniqlangan taqdirda, ularni bekor qilish va haydovchilarga to`lovlarni tadbirkorlar hisobidan qaytarish;
- uchinchidan, tadbirkorlik sub`ektlarining nazorat-kameralari orqali qayd qilinayotgan jarimalarni nazorat tartibida doimiy tekshirish amaliyotini joriy qilish;
- to`rtinchidan, fuqarolarning adolatsiz jarimalar ustidan shikoyat qilishdagi ovoragarchilikdan asrash maqsadida, qaydnomalarga onlayn shikoyat berish imkoniyatini yaratish;
- beshinchidan, barcha lokasiyalardagi radar o`rnatilganligi to`g`risidagi belgilar yonida cheklangan tezlikni aks ettiruvchi belgilarni o`rnatishni majburiy qilish;
- Shuningdek, bu boradagi faoliyat yuzasidan jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib borish amaliyotini yo`lga qo`yish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
"O`z o`rnida, piyodalar va yo`l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta`minlash maqsadida, fuqarolarimizni yo`l harakati qoidalariga qat`iy amal qilishlarini so`raymiz",–deyiladi xabarda.






