AsosiyJamiyat

Tanzila Norboeva Namangan shaharida alohida perinatal markaz tashkil etishni taklif qildi

'Tanzila Norboeva Namangan shaharida alohida perinatal markaz tashkil etishni taklif qildi'ning rasmi

Bugun, 24 avgust kuni Oliy Majlis Senatining qirq to`rtinchi yalpi majlisida Tanzila Norboeva Namangan shahri aholisi uchun alohida perinatal markaz tashkil etish masalasini ko`tardi.

Senat raisining ma`lum qilishicha, bugungi kunda aholisi soni 1 millionga yaqinlashgan Namangan shahrida  4 ta tug`uruqxona faoliyat yuritmoqda. Viloyat perinatal markazi ham shu hisobda (250 o`rinli).

Shahar aholisi, jumladan, tug`ish yoshidagi ayollar soni esa muttasil o`sib bormoqda (170 ming nafar). O`tgan yilda shaharda umumiy tug`uruqlar soni 20 mingdan ortiqni tashkil etgan bo`lsa, 2023 yilning 6 oyida salkam 12 mingtaga etgan. Bular orasida erta tug`uruqlar ham bor (2022 yilda – 1 300 ta, 2023 yil 6 oyida – 539 ta).

Aynan erta tug`uruqlar sonining ko`pligi, qolaversa, shahar bolalar shifoxonasidagi neonotologiya (kam vaznli chaqaloqlarni parvarish qilish) bo`limi ortiqcha yuklama bilan ishlayotgani sababli shahar tug`uruq kompleksi negizida alohida perinatal markaz tashkil etish taklifi bildirilgan.

“Fikrimizcha, Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur masalani atroflicha o`rganib, xulosa berishi zarur. To`g`ri, shahar hududida viloyat perinatal markazi ham joylashgan. Lekin sig`im jihatdan bugungi talabga javob beradimi, degan savol tug`iladi.

Yuqorida aytganimdek, ehtiyoj yildan yilga o`sib bormoqda. Aniq, ob`ektiv holatni to`liq ochib beradigan xulosa kerak”, — dedi Senat raisi.

“Mana shunday perinatal markazlarini tashkil qilish masalalarining ahamiyati asoratli tug`uruqlar va nogironlikning oldini olishda nihoyatda katta. Aynan mana shu masala davlatimizda katta ustuvor vazifa etib belgilangan. Shuning uchun perinatal markazlarini e`tibordan chetda qoldirish mumkin emas”,  — deydi Tanzila Norboeva.

Uning bildirishicha, ushbu ob`ektni 2024 yildagi O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish masalasining Sog`liqni saqlash hamda Iqtisodiyot va moliya vazirliklari tomonidan ijobiy hal etilishi maqsadga muvofiq.

    Boshqa yangiliklar