Ijtimoiy tarmoqlarda metan "zapravka"larda navbatning uzayib borayotgani, bunga bir qator metan "zapravka"larning yopiqligi sabab bo`layotgani, mazkur vaziyat metan narxining oshishidan darak bo`lishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, respublikadagi barcha metan «zapravka»larga avgust oyi uchun ularning talablariga asosan belgilangan limitga ko`ra, tabiiy gaz to`liq etkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.
"Qaysidir metan ’zapravkaʼ o`z faoliyatini vaqtincha to`xtatib turgan bo`lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo`lishi mumkin. Shuningdek, avval ta`kidlaganimizdek, metan ’zapravka`larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo`q", — deyiladi xabarda.
Vazirlikning eslatishicha, aholi va boshqa toifadagi iste`molchilar qonunchilikda o`rnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantiriladi.






