Kuni kecha, Tver viloyatida shaxsiy samolyot halokatga uchragani, uning ichida "Vagner" rahbari Prigojen ham bo`lgani haqida xabar bergan edik.
Halokatga uchragan samolyotdagi murdalar shaxsi aniqlanmagani, Prigojenga tegishli yana bir uchoq Moskvaga qo`ngani sabab, uning o`limi kechadan buyon rasman tasdiqlanmayotgan edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tver viloyatida yuz bergan aviahalokatda “Vagner” rahbari Evgeniy Prigojin o`lganini tasdiqladi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
O`zini o`zi mustaqil deb e`lon qilgan Donesk xalq respublikasi (DXR) rahbari Denis Pushilin bilan uchrashuvda Putin Prigojin “taqdiri og`ir, ammo iste`dodli odam” bo`lganini aytdi.
Haqiqatan ham, birlamchi ma`lumotlar “Vagner” kampaniyasining xodimlari samolyotda bo`lganini ko`rsasa, shuni ta`kidlashni istardimki, ular “Ukrainada neonasistlar rejimiga” qarshi kurash bo`yicha umumiy ishimizga katta hissa qo`shgan. Biz buni eslaymiz, bilamiz va unutmaymiz.
Men Prigojinni juda uzoq vaqtdan beri: 1990 yillarning boshidan beri taniyman. U taqdiri og`ir, hayotda jiddiy xatolarga yo`l qo`ygan odam edi. Kerakli natijalarga erishdi. U iqtidorli inson, iqtidorli tadbirkor edi. Nafaqat mamlakatimizda balki chet elda, xususan, Afrikada ham faol ishladi. U erda neft, gaz, qimmatbaho metallar va toshlar bilan shug`ullangan, — dedi Rossiya prezidenti.
Shuningdek, u aviahalokat bo`yicha tergov to`liq hajmda olib borilishi va yakunlanishini aytdi. Putin aviahalokatda halok bo`lgan insonlarning oila a`zolariga hamdardlik bildirdi.