Ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka”larning yopiqligi, ochiqlarida ham uzun navbatlar yuzaga kelayotgani va gaz narxi ko`tarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi mazkur holatga munosabat bildirdi.
Unga ko`ra, barcha metan “zapravka”larga avgust oyi uchun belgilangan limitga ko`ra, tabiiy gaz to`liq etkazib berilgan hamda bu borada hech qanday cheklov kiritilmagan.
“Qaysidir metan “zapravka” o`z faoliyatini vaqtincha to`xtatib turgan bo`lsa, demak, bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo`lishi mumkin. Shuningdek, avval ta`kidlaganimizdek, metan “zapravka”larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo`q”, deyiladi xabarda.
Vazirlik, shuningdek, aholi va boshqa toifadagi iste`molchilar qonunchilikda o`rnatilgan tartibda belgilangan muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantirilishini eslatib o`tdi.
“Agar “zapravka”larda gaz narxining asossiz oshirilishi holatlariga guvoh bo`lsangiz, O`zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasining 1159 raqamli “Ishonch telefoni”ga qo`ng`iroq qiling”, deyiladi Energetika vazirligining bu haqdagi munosabatida.






