Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning soliqlar va “keshbek” ilovalaridan foydalanish to`g`risidagi qilgan chiqishi keskin munozaralarga sabab bo`lgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, ushbu holat yuzasidan O`zbekiston Musulmonlar idorasi munosabat bildirgan edi.
Bugun, 25 avgust kuni O`zbekiston musulmonlari idorasida Ichki nazorat komissiyasi tomonidan xalq orasida "Isoqjon domla" deb tanilgan Toshkent shahridagi "Imom Termiziy" jome masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning ijtimoiy tarmoqlardagi bir qator chiqishlari keng muhokama qilindi. Bu haqda Idora Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Komissiya a`zolari tomonidan imom-xatibning turli bahs-munozaralarga sabab bo`lgan hissiyotga berilib qilgan keskin chiqishlari, ulamolar fatvolariga nisbatan ayrim teskari fikrlari, ixtilofli masalalarni ko`tarishi oqibatida, nizo va qarama-qarshiliklarga sabab bo`lgani qattiq tanqid ostiga olindi.
Ichki nazorat komissiyasi avval ham ushbu imom-xatibning mana shunday chiqishlarini bir necha bor ko`rib chiqib, uni jiddiy ogohlantirgan edi. Afsuski, bunday holatlar yana takrorlanishda davom etdi.
Yig`ilishda I.Begmatovning mazkur chiqishlari O`zbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmasligi, balki uning o`zbilarmonlik ila aytgan shaxsiy fikr-mulohazalari ekani ta`kidlandi.
I.Begmatov ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo`lgan chiqishlarida jiddiy xatoga yo`l qo`yganini e`tirof etdi va pushaymonligini bildirdi.
Ichki nazorat komissiyasi qaroriga asosan imom-xatib mazkur chiqishlarida ushbu yo`nalishdagi buyruqlar talablari, ichki tartib-qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga muntazam ravishda rioya etmagani uchun Isoqjon Begmatov Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi vazifasidan ozod etildi.






