Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida (TDIU) professor-o`qituvchilarga bir xil forma joriy etilishi, universitet rektorat binosi eshigining yopilgani hamda matbuot kotibiga katta miqdorda mukofot puli berilgani to`g`risida ma`lumotlar tarqaldi. Mazkur xabarlar yuzasidan universitet rahbariyati munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Odob-axloq kodeksi”ning 11-bandiga asosan universitetda professor-o`qituvchi, xodim, doktorant va talabalar o`z o`qish va kasbiga mos zamonaviy kiyimda bo`lishlari lozimligi belgilab qo`yilgan. Universitetning ushbu ichki hujjati jamoaviy kelishuv asosida qabul qilingan. Universitet tomonidan forma joriy etilishi oliygoh brendini rivojlantirish va jamoatchilik o`rtasida ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan bo`lib, formani olish yoki kiyish hech kimga majburiy emas. Mahsulot ma`qul kelgan taqdirda olishlari mumkinligi haqida professor-o`qituvchilarga xabar berilgan.
“Universitet “rektorati eshigi barchaga yopilgani” haqidagi materialga ko`ra, endi hech kim TDIU rektorati binosiga kira olmaydi, degan mazmun kelib chiqadi. Hozirda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, rektoratga chiqish zinalari ham qayta ta`mirlanmoqda. Bu vaziyatda xavfsizlikni ta`minlash va ishchi-ustalar faoliyatiga xalaqit bermaslik maqsadida bino eshigi qisqa muddatga yopilgan.
Bu xabar yolg`on ma`lumot ekanligi va haqiqatga mutlaqo to`g`ri kelmasligini ma`lum qilamiz. Shaxs qadr-qimmati, sha`nini toptash, uni jamoat orasida obro`sizlantirganlik uchun har bir shaxs qonun oldida javobgarligini eslatib o`tamiz”, deyiladi munosabatda.






