Pensiya jamg`armasi yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo`lgan fuqarolar haqida ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, qonunchilikka asosan, oxirgi ish joyidan qat`i nazar erosti ishlarida, mehnat sharoiti o`ta zararli va o`ta og`ir ishlarda to`liq ish kuni davomida band bo`lgan xodimlarga umumiy belgilangan yoshni 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqi beriladi.
Erkaklarga ish staji kamida 20 yil bo`lib, bundan kamida 10 yili ko`rsatib o`tilgan ishlarga to`g`ri kelishi talab etiladi.
Ayollarda esa ish staji kamida 15 yil bo`lib, bundan kamida 7 yilu 6 oyi ko`rsatib o`tilgan ishlarga to`g`ri kelishi lozim.
Shuningdek, ushbu turdagi ishlarda ishlovchi xodimlar lavozimlarining nomlari keltirib o`tilgan.
Unga ko`ra, er osti ishlaridagi mehnat staji erkaklarda 10 yildan kam va ayollarda 7 yilu 6 oydan kam bo`lgan hollarda xodimlarga bu ishlardagi har bir to`liq yil uchun umumiy belgilangan pensiya yoshi 1 yilga qisqartiriladi.
Mehnat sharoiti o`ta zararli va o`ta og`ir ishlarda (erkaklar kamida 5 yil, ayollar kamida 3 yil 9 oy) ishlagan xodimlarga pensiya umumiy pensiya yoshi shunday ishda band bo`lingan har bir to`liq yil uchun 1 yilga qisqartirilgan holda tayinlanadi.
Sirklar va konsert tashkilotlari artistlarining ayrim toifalari ham ijodiy ishdagi staji kamida 20 yil bo`lgan taqdirda 10 yilga qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega bo`ladilar.






