Parijda 1 sentyabrdan boshlab elektr skuterlar ijarasi taqiqlanadi, deb xabar bermoqda RTBF. Bu qaror elektr skuterlardan foydalanish bo`yicha shahar referendumi natijalariga ko`ra qabul qilindi. Parijliklarning 89 foizi taqiq uchun ovoz berdi. Shunday qilib, Parij elektr skuterlarni ijaraga olish taqiqlangan birinchi Evropa shahriga aylanadi.
Le Figaro nashrining yozishicha, Parij meriyasi elektr skuterlarni ijaraga berish xizmatlarini ko`rsatuvchi uchta xususiy operator bilan shartnomalarni uzaytirishdan bosh tortgan. Avgust oyining oxirigacha skuterlardan foydalanishingiz mumkin, operatorlar sentyabr oyining boshidan ularni Parij ko`chalaridan olib tashlashga majbur bo`lishadi. Nashr ma`lumotlariga ko`ra, Parij ko`chalaridan jami 15 mingta ijaraga olingan elektroskuterlar olib tashlanadi. Uchala kompaniya ham ularga texnik xizmat ko`rsatib, keyin ularni Fransiyaning boshqa shaharlariga va boshqa mamlakatlarga jo`natmoqchi.
Aprel oyida Parijda elektr skuterlardan foydalanish bo`yicha shahar referendumi o`tkazildi. Ovoz berishda 100 mingdan ortiq parijliklar ishtirok etdi. Referendum natijalariga ko`ra, elektr skuterlarni ijaraga olishni taqiqlashni respondentlarning 89 foizi qo`llab-quvvatlagan.
Bunday ovoz berishga shahar bo`ylab tarqalib ketgan skuterlar tomonidan yaratilgan muammolar, shuningdek, parijliklar va shahar hokimiyatining ulardan foydalanish xavfsizligidan xavotirlanishi sabab bo`lgan. Telekanal ma`lumotlariga ko`ra, 2022 yilda Parijda elektr skuterlarda 400 mingga yaqin sayohat qayd etilgan.






