O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tomonidan Farg`ona viloyati, Qo`shtepa tumanidagi to`qimachilik korxonasiga press-tur tashkil etildi.
Press-turda Ekologiya vazirligi mas`ullari, vazirlikning Farg`ona, Andijon, Namangan viloyati boshqarmalari xodimlari, jurnalist hamda blogerlar qatnashdi.
Ma`lumot uchun, mazkur korxona mamlakatimizdagi eng yirik va zamonaviy uskunalarga ega bo`lgan etakchi to`qimachilik korxonalaridan biridir. 2000 ta ish o`rni yaratilgan korxonada eng yaxshi ip-kalava, kulrang va bo`yalgan trikotaj matolarni ishlab chiqarish bilan birga paxta etishtirish va uni qayta ishlashning to`liq jarayoni yo`lga qo`yilgan. Korxonaga Shveytsariyaning “Rieter machine works” uskunalari o`rnatilgan, shuningdek, sifat laboratoriyasi faoliyat ko`rsatmoqda.
Korxonada ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan omillarni bartaraf etish hamda ularning oldini olishga alohida e`tibor qaratilib, bu borada istiqbolli loyihalarning amalga oshirilayotgani ham muhim jihatlardan biri sanaladi. Press-tur davomida ishtirokchilarga mazkur loyihalar haqida atroflicha ma`lumot berildi.
Xususan, korxonada “yashil iqtisodiyot”dan kelib chiqqan holda ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qo`llanmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellarini o`rnatish bo`yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.
Korxonada ishlab chiqarish jarayonida hosil bo`lgan changlardan tayyorlanayotgan briketlar, ayniqsa, ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi. Ma`lum qilinishicha, korxonaga o`rnatilgan zamonaviy va eng so`nggi texnologiyalar chang-gazlarni atmosferaga chiqarib yubormasdan, maxsus qurilmalarda ushlab qoladi. To`plangan chang qayta ishlanib, briket qilinadi, natijada korxonaning ekologiyaga bo`lgan ta`siri ham kamayadi.
Press-tur davomida korxonada yomg`ir va qor suvlaridan samarali foydalanish bo`yicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan ham tanishtirildi. Ta`kidlash kerakki, korxonaning tom qismida hosil bo`lgan yomg`ir va qor suvlari shunchaki oqizib yuborilmaydi, balki maxsus idishlarda to`planadi va to`plangan suv filtrdan o`tkazilgandan so`ng hududdagi obodonlashtirish ishlari va daraxtlarni sug`orishga sarflanadi.
Tadbir davomida ishtirokchilar korxonaning yashil maydoniga ekilgan daraxtlarni ko`zdan kechirishdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida korxonaning 1,8 gektar eriga kuz va bahorgi daraxt ekish mavsumida yana 1000 tupdan ortiq daraxtlar ekilishi rejalashtirilgani haqida ma`lumotlarga ega bo`lishdi.






